Elektr ta’minoti: bir sutkada 4000 dan ziyod murojaat va qo‘shimcha “tashlangan” avariya guruhlari

Viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi ma’lumotiga ko‘ra, Samarqand shahrining o‘zida bir kecha-kunduzda aholidan 4000 dan ziyod turli murojaatlar kelib tushgan. Ularning 80 foizi joyida hal etilgan bo‘lsa, qolgani vaqt talab etiladigan murojaatlardir.

Anomal sovuq davrida eng ko‘p yuklama, boshqacha aytganda sinov tushgan tarmoq, shubhasiz, elektr ta’minoti tizimi bo‘lsa kerak. Birgina Samarqand shahrida 10 yanvardan hozirgacha 39 ta transformator ishdan chiqqani ma’lum qilindi. Ulardan 37 tasi avariya guruhlari tomonidan ta’mirlab berilgan bo‘lsa, ikkitasi qisqa tutashuv natijasida yaroqsiz holga kelib qolgan va almashtirilgan.

Viloyat elektr tarmoqlari mutasaddilarining tan olishicha, hozirgi katta bosim davrida tumanlarda ko‘proq cheklovlar qo‘llanilmoqda. Shuning hisobidan tumanlarda transformatorlar ishdan chiqish holatlari kamroq kuzatilmoqda. Tabiiyki, shaharda ham, tumanlarda ham eng ko‘p avariyalar isitilmaydigan, tabiiy gaz bosimi past yoki umuman yo‘q hududlarda kuzatilmoqda.

Viloyat ETK tarkibida 24 ta avariya guruhi bo‘lsa, hozirda anomal sovuq davrida yana qo‘shimcha guruhlar va maxsus texnikalar shakllantirilgani aytilmoqda. Shuningdek, transformator punktlarida nosozliklar kuzatilsa, ularni o‘rniga o‘rnatish uchun qo‘shimcha transformatorlar zaxirasi ham shakllantirilgan.

Nima bo‘lganda ham bu yil elektr ta’minoti sohasida oson bo‘lmayapti: Aholi uchun ham, tarmoq uchun ham. O‘ylaymizki, qattiq sovuq ortidan kelgan muammolar, ular keltirib chiqargan kamchiliklar bundan buyog‘iga qishga tayyorgarlik masalasida xulosa chiqarish uchun yetarli bo‘ldi.