Elektr ta’minoti: Urgutda qishga tayyorgarlik qay darajada?
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan viloyat va respublika OAV xodimlari uchun Urgut tumanidagi "Dehqonobod" elektr tarmoqlari korxonasiga press-tur tashkil etildi.
Bugungi kunda aholisi ko‘p va hududi katta bo‘lganligi sababli Urgut tumanida ikkita elektr tarmoqlari korxonasi faoliyat yuritadi. Jumladan, "Dehqonobod" elektr tarmoqlari korxonasi 2021 yilda tashkil etilgan bo‘lib, tumanning 30 855 nafar aholisiga xizmat ko‘rsatib keladi. Shundan, 29 482 tasi aholi, 1373 tasi yuridik iste’molchi bo‘lib, 2845 dona ASKUE “aqlli” elektr hisoblagichlari o‘rnatilgan. Biroq tog‘li hududlarda joylashgan aholi xonadonlari hududida internet sifati pastligi sababli ASKUE hisoblagichlari yaxshi ishlamaydi. Shu sababli o‘z vaqtida hisob-kitob qilinmaydi. Bu esa ba’zan noqulayliklarga sabab bo‘ladi.
Hozirda “Ziyoh”, “Haqiqat” “Sariqtepa”, “Navro‘z” nimstansiyalarida jami 60 ming kVAdan ziyod quvvatdagi transformatorlar orqali iste’molchilar elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda.
- 2023-2024 yillar davomida kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha 149 ta transformator punkti va 342,3 kilometr elektr uzatish tarmoqlarida ta’mirlash ishlari bajarildi, - deydi korxona rahbari Qurbonali Davronov. - Joriy yilning noyabr oyida yana qo‘shimcha 5 dona transformator punkti va 10 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini ta’mirlashni rejalashtirganmiz. Jumladan, Taroqli mahallasida 60 dona temir-beton ustunlar o‘rnatilib, 2,96 kilometr SIP-2, 1,2 kilometr SIP-4 kabellari tortilib, ishga tushirildi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan hududda qo‘shimcha 496 dona temir-beton ustunlar va 9 ta transformator punkti o‘rnatilib, qariyb 27 kilometr yopiq kabellar tortilgan. Undan tashqari, hududdagi 15 ta mahalladagi tugatilmagan ob’yektlar uchun 249 dona temir-beton ustunlari va 21,95 kilometr yopiq kabellar olib kelinib o‘rnatilgan.
- “Sariqtepa” nimstansiyasida 2 ta 16000 kVAlik transformatorlar o‘rnatilgan bo‘lib, "Urgut" iqtisodiy zonasida joylashgan 30 dan ortiq korxonalarni elektr energiyasi bilan ta’minlab kelyapti, - deydi korxona bosh muhandisi Qobil Eshqulov. – Barcha iste’molchilarga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lib, ularning elektr ta’minoti onlayn tarzda boshqariladi.
Press-tur ishtirokchilari Dehqonobod mahallasidagi Qum qishlog‘ida korxona ishchilari tomonidan beton-ustunlar o‘rnatish va yopiq kabellar tortish jarayoni bilan tanishdi. Mazkur qishloqda 250 kVAlik yangi transformator va 55 ta beton-ustunlar o‘rnatilib, 1800 metr masofaga kabel tortilgan.
ETK rahbariga ko‘ra, aholi va ulgurji iste’molchilarning korxonadan 9,9 milliard so‘m qarzi bor.
Dilmurod TO‘XTAYeV.