«Elektron mehnat daftarchasi” joriy etilishi bo‘yicha rasmiy bayonot berildi

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yilning 1 yanvaridan qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasi o‘rniga “Elektron mehnat daftarchasi” joriy etilishi haqida turli xabarlar e’lon qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shuni ma’lum qiladiki, “Elektron mehnat daftarchasi” tizimini joriy etish sifati va samaradorligini ta’minlash maqsadida, 2019 yilning 1 yanvaridan “Elektron mehnat daftarchasi” amaliyoti dastlab sinov tariqasida faqat vazirlik tizimida ishga tushirildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, “Elektron mehnat daftarchasi”ni Respublika bo‘ylab keng tadbiq etishdan avval sinov loyihasi orqali tizim ishonchliligini tekshirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni aniqlab, ularni bartaraf etish va tizimni yanada takomillashtirishdan iboratdir. Eng muhimi, qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasidan elektron shaklga o‘tish jarayonida aholi uchun ortiqcha murakkablik va chalkashliklar yuzaga kelmasligi uchun vazirlik tomonidan ana shunday tajriba yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bois, mavjud ma’lumotlarning daxlsizligi va to‘liq saqlanishini ko‘zlagan holda odatiy qog‘oz ko‘rinishidagi mehnat daftarchalari tizimi ham saqlab qolindi, ya’ni “Elektron mehnat daftarchasi” amaliyotga to‘liq joriy qilinguncha, qog‘ozli mehnat daftarchasi o‘z kuchini yo‘qotmaydi va shu asosda fuqarolar ishga qabul qilinadi.

Elektron mehnat daftarchalarini ommaviy joriy etishni 2019 yilning birinchi yarmidan amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, “Elektron mehnat daftarchasi” tizimining to‘liq huquqiy asosga ega bo‘lishi uchun tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar olib bormoqda.