Yagona milliy mehnat tizimi nima? Elektron mehnat daftarchasiga qanday ma’lumotlar kiritiladi?
Respublikamizda 2020 yil 1 yanvardan boshlab ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini, shu jumladan mehnat shartnomalarini tuzish, mehnat shartnomalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, ularni tugatish tartib-taomillarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazish amalga oshirilmoqda.
Bunda ish beruvchilarning tuzilmasi (shtatlar jadvali), shu jumladan mavjud va yaratiladigan ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari, mehnatga haq to‘lash shartlari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar bazasi shakllantirilayapti.
Xodimning mehnat stajini hisoblash to‘g‘risidagi ma’lumotlar, hisoblangan ish haqi va jismoniy shaxslarning mehnatga haq to‘lash ko‘rinishidagi daromadlariga hisoblangan soliqlar, fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasi hisobiga to‘lovlar haqidagi axborotga asoslangan elektron mehnat daftarchasida jismoniy shaxslarning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Ma’lumotlar idoralararo tizimlashtirilgan tarzda tuzilib, muntazam ravishda elektron almashinadi. Uning afzalligi shundaki, xodimlar hamda ishchilarning son va sifat tarkibi, vakansiyalar, shuningdek, ishga joylashish uchun nomzodlarga ish beruvchilar tomonidan qo‘yiladigan malakaviy va boshqa talablar to‘g‘risida avtomatik tarzda to‘planadigan xolis, shaffof va dolzarb ma’lumotlar kiritilib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari asosida pensiya yoshidagi ishlayotgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida har kuni yangilanadigan balans shakllantiriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu tizimni joriy qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash orqali ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, qog‘ozbozlikni kamaytirish, bo‘sh ish o‘rinlariga talab etiladigan oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan talabni aniqlash orqali kadrlar tayyorlashning aniq rejasini belgilash ko‘zda tutilgan.
Yaqin qarindoshlarning pasport nusxalari nima uchun kerak?
Odatda amaliyotda fuqaro ishga qabul qilinganda talab qilinadigan ma’lumotnomada xodimning yaqin qarindoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi. Shu sababli ushbu dasturda xodimning yaqin qarindoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotni shakllantirish uchun, yaqin qarindoshlarining pasport seriyasi va raqami kerak bo‘ladi.
Yagona milliy mehnat tizimi joriy etilgach, internet orqali birovning ma’lumotini qo‘lga kiritish mumkinmi?
Yagona milliy mehnat tizimiga kirish, ma’lumotlar kiritish yuridik shaxs nomiga rasmiylashtirilgan elektron raqamli imzo (ERI) orqali amalga oshiriladi. Shu sababli, faqatgina yuridik shaxsning vakolatli jismoniy shaxsi (xodim)ga ma’lumotlarni ko‘rish huquqi beriladi.
Internet orqali fuqaro o‘zi haqidagi ma’lumotlarni qanday oladi?
Xodim o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan, jismoniy shaxs elektron raqamli imzo (ERI)si bilan kirgan holda, o‘zining ish joyi, lavozimi va boshqa ma’lumotlarini olishi mumkin.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasi bu borada qanday targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boryapti?
Viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan “Yagona milliy mehnat tizimi” IDAKni qo‘llash bo‘yicha viloyatning byudjet va xususiy korxonalarining xodimlar bilan ishlash bo‘limi mas’ullariga o‘quv-seminarlar tashkil etmoqda. Yirik sanoat korxonalariga boshqarma xodimlari biriktirilib, joylarda amaliy yordam berilmoqda. Xodimlar har kun tumanlarga borib, tumanning yirik soha tashkilotlarining mas’ullari uchun tushuntirishlar olib bormoqda.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida mavjud bo‘lgan jami 33404 ta yuridik shaxslardan 2861 tasi, 406 841 nafar xodimdan 30283 nafari to‘g‘risidagi ma’lumotlar yagona milliy mehnat tizimi bazasiga kiritildi.
Xurshida ERNAZAROVA.