Endi Parijda ham Samarqand ko‘chasi bor

Fransiya O‘zbekistonning Yevropadagi nafaqat siyosiy, madaniy, ijtimoiy sohalarda, balki savdo-iqtisodiy sohasida ham muhim hamkorlaridan biri.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi ikki davlat o‘rtasida uzoq tarixga ega hamkorlik aloqalarini yana bir pog‘ona yangi bosqichga chiqardi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yaxshilash maqsadida Fransiya bilan hukumatlararo tuzilgan komissiya ikki davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda tizimli ravishda yig‘ilishlar o‘tkazib kelmoqda. Xususan, 2021 yil davomida ushbu komissiya tomonidan 8 marotaba, 2023 yilga kelib 9 marotaba hamda 2024 yilga kelib 10 marotaba o‘zaro manfaatli masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar tashkil etilgan. Natijada Toshkent shahrida “O‘zbekiston – Fransiya” iqtisodiy palatasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunda 50 dan ortiq fransuz va o‘zbek kompaniyalari va tadbirkorlarini birlashtirib hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.
Biz, samarqandliklar uchun faxr va g‘urur bag‘ishlagan ushbu tashrifning eng e’tiborli jihati, Fransiya poytaxti Parij shahri ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilgani bo‘lsa, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning o‘zbek tilidagi xitobi ikki tarixiy davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun zamin tayyorladi.
Shu bilan birga, “Samarqand Fransuz Alyansi”ni tashkil etish orqali do‘stona aloqalar yanada mustahkamlanishiga erishilsa, hududlararo aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida 2026 yilda Samarqand shahrida ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazish ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengayishi uchun yo‘l ochadi.
Bundan tashqari, tashrif davomida konlarni o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash, qurilish materiallari, kimyo va farmatsevtika tarmoqlari, elektrotexnika sanoati, qishloq xo‘jaligida zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish va boshqalar O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlik hamkorligini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ko‘rib o‘tildi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq va yaqin istiqbolda barcha sohalarda aloqalarni yanada rivojlantirishga, vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Muhiba Sayfiddinova,
xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati.