Endi tadbirkorga onlayn-auksion orqali yer beriladi
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali doimiy foydalanishga berish amaliyoti joriy etildi.
Buning uchun hududlardagi yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalarining tegishli tuman (shahar) filiallari tomonidan har oyning 5 va 20 sanasida yerlarni xatlovdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, bo‘sh turgan yer uchastkalarini «YERELEKTRON» AATga mustaqil ravishda joylashtiradi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning aniq investitsiya majburiyatlari bilan birga bo‘sh turgan yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish ob’yekti to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganib chiqiladi.
Tuman va shahar hokimliklari investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi bilan kelishgan holda yer uchastkasiga investitsiya kiritish majburiyatlarini belgilaydi.
«Davergeodezkadastr» qo‘mitasi organlari esa yer uchastkasining boshlang‘ich narxini belgilaydi (yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi auksionga chiqarish uchun qo‘shimcha qaror qabul qilinmasdan avtomatik ravishda yuboriladi).
Auksion o‘tgach, tuman (shahar) hokimligi investitsiya majburiyatlarini bajarish uchun tarmoq jadvalini tayyorlaydi va uni auksion g‘olibiga beradi.
Bu tizim tadbirkorlik faoliyatini yuritishda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Azamat NISHONOV,
viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi axborot xizmati.