Barcha muassasalarning asosiy vositalarini sotish Ye-aksion orqali amalga oshiriladi
O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 24 martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga asosan fond birjasiga chiqarilgan davlat aksiya paketlarini sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat savdo jarayonlarida kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi.
Barcha muassasalarning asosiy vositalarini sotish yoki ijaraga berish Ye-aksion elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi.
2023 yil 1 iyuldan jismoniy shaxslarga “Davlat mulki” axborot tizimi orqali maydoni 2000 metr kvadratgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha bo‘yicha arizalar berish huquqi beriladi.
2023 yil 1 sentyabrdan ko‘chmas mulk ob’yektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi order va sertifikat Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali QR-kod qo‘yilgan holda beriladi.
Onlayn auksion savdolarida davlat mulki ob’yektlarini sotib olgan xaridorlar bilan shartnomalar savdo natijasi bo‘yicha bayonnoma asosida Ye-auksion elektron savdo platformasida elektron shaklda (shu jumladan elektron imzo orqali) rasmiylashtiriladi.
Har chorakda tegishli boshqarma va tashkilot xodimlari joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinmoqda. Investitsiya majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni qog‘oz shaklda taqdim etish tartibi bekor qilinib, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining elektron bazasini “Davlat mulki” axborot tizimiga integratsiya qilish va tadbirkorlar elektron tizimiga kiritadigan ma’lumotlar orqali hisobotlarni olish yo‘lga qo‘yiladi.