“Tank”siz tender qachon bo‘ladi?

Keyingi kunlarda sodir bo‘lgan noxush hodisalar qurilish sohasiga xolis baho berish, bundan jiddiyroq xulosa qilishga undamoqda.

Odatda, biror voqea sodir bo‘lgandan keyin zo‘r shahd bilan kaltak sinadigan boshni qidiramiz, jilla qursa ko‘ngil taskini uchun. Ungacha esa qoziq qoqilganidan boshlab, ob’yekt ochilguncha zo‘r berib qurilish ishlarini sharaflaymiz. Xolisona tahlil etadigan bo‘lsak, mazkur voqelikda birgina pudratchi firmalarining o‘zigina aybdor emas. Bunda ilk bor rejalash ishlarini olib boruvchi loyiha institutidan tortib, qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar ham, texnik nazoratchidan tortib, durust bir nigoh tashlamasdan loyihani ma’qullaydigan mas’ullargacha barcha aybdor.

Qurilish sohasidagi eng muhim jarayon, bu – shubhasiz tender. Ammo bizda bu noxolis, kerak bo‘lsa, korrupsiyalashgan tadbir, boshlanajak qurilish ob’yektining poydevoriga ketgan dastlabki darz. Bu sohada tanish-bilishchilik, aka-ukachilik shu qadar avj olganki qatnashuvchi pudrat tashkiloti o‘zining qurilish texnikasi emas, balki birato‘la «tanka»sini ishga soladi. Tender mutasaddilari esa izzat-ikromdan ob’yekt tannarxi arzonligiga e’tibor qaratib, karomat ko‘rsatuvchi quruvchini o‘z mezonida saralaydi. Keyinchalik esa tenderda g‘olib bo‘la olmagan qurilish korxonalari o‘sha ob’yektda subpudratchi sifatida ishlaydi, mablag‘ esa g‘olibning hisobraqamiga kelib tushadi, ishlatiladigan qurilish mahsulotlari ham kimningdir korxonasidan markazlashgan holda yaxshigina narxga olib kelinadi.

Halol quruvchini qing‘irlikka boshlaydigan ham - tender. Chunki tender may oyida o‘tkaziladi, ob’yektni topshirish muddati esa avgustda, lekin moliyalashtirish ishlari ikki-uch oydan keyin boshlanadi. Ba’zan esa besh oygacha ham cho‘zilishi mumkin, bu vaqtda narx-navo o‘zgaradi, qarabsizki bu ham qurilish sifatiga ta’sir ko‘rsatadi. Qurilishdagi qing‘irliklardan yana biriga e’tibor qiling: ob’yektga yaqin manzilda sifati tekshirilgan kerakli qurilish materiali ishlab chiqariladi, lekin quruvchi kimningdir ko‘rsatmasi asosida ancha olisdan yana qimmat narxga qurilish materiali keltirishga majbur. Shu kabi qing‘irliklar bilan bino qurgan quruvchi ikki-uch yildan keyin korxona nomini o‘zgartirib, boshqa nom bilan ishlayveradi, sifatsiz qurilgan bino uchun javobgarlik kimning zimmasida qoladi?

Bizningcha, yirik qurilish ob’yektlarini vaqtinchalik ishlaydigan qurilish korxonalariga emas, qurilish sohasida yetakchi bo‘lgan davlatlarning tajribali korxonalariga va ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan mahalliy korxonalarga berish kerak. O‘shanda ular ham shakllanadi, investorlar bilan hamkorlik qiladi. Eng asosiysi, qurilishda sifat yaxshilanadi.

Shuhrat NORMURODOV.