«Eng ulug‘, eng aziz» an’anaviy ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Toshkent shahrida mamlakatimiz mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tanlov yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari, ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari, televideniye va radio ijodkorlarining materiallari, tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari, kino san’ati asarlari kabi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkazildi.
Unda ishtirokchilar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida mamlakatimizni har tomonlama obod qilish, uning iqtisodiy qudratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi va obro‘si oshib borayotgani, pandemiya sharoitida ham davlat va jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar izchil davom etayotganini hayotiy misollar va ilmiy asoslangan tahlillar asosida xolis va haqqoniy yorituvchi ijodiy asarlar bilan qatnashdi.
Ushbu nufuzli tanlovda taniqli jurnalist, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev ham 2019-2020 yillarda matbuot nashrlarida bosilgan maqolalari bilan ishtirok etib, tanlovning “Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblar safidan joy oldi.