Samarqandda 22 ming gektar o‘rmon bilan qoplangan mintaqalarni kengaytirish rejalari ishlab chiqilgan

Oliy Majlis Senatining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi senatorlari Samarqand viloyatida tuproq unumdorligini oshirish hamda yer degradatsiyasiga qarshi kurashish borasida qo‘mita raisi, ishchi guruh rahbari B.Tajiyev ishtirokida o‘rganishlar olib bormoqda.

Xususan, viloyatning Nurobod, Qo‘shrabod hududidagi yaylovlar, cho‘l xududlari, hamda Paxtachi tumani Qarnab ota hududidagi cho‘l yaylov ozuqabob o‘simliklar urug‘chilik maydonlarining holati ko‘zdan kechirildi.
Viloyatda 2022-2025 yillarda 117,6 ming gektar maydonda gumus miqdorini oshirish, 6,3 ming gektarda sho‘rlanishni kamaytirish, 94,8 ming gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni kamaytirish, 2 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida ihotazorlar barpo qilish, 22 ming gektar o‘rmon bilan qoplangan mintaqalarni kengaytirish rejalari ishlab chiqilgan.
Buning uchun degradatsiyaga uchragan qishloq xo‘jaligi yerlari tuproq sifatini yaxshilash va unumdorligini oshirishda tuproq muhitini me’yorlashtirishda yangi texnologiyalar qo‘llaniladi. Yaylovlardan oqilona va samarali foydalanish tizimini takomillashtirish hamda degradatsiya jarayonlarining oldini olish uchun yaylovlarni saqlash, tiklash va ko‘paytirish, yaylovlarning bioxilma-xilligini baholash va iqlim o‘zgarishiga ta’siri o‘rganiladi.
Shuningdek Ishchi guruh, mutasaddi tashkilot rahbarlari hamda mutaxassislar bilan yaylovlarda geobotanik tadqiqotlar o‘tkazish, degradatsiyaga uchragan maydonlarni aniqlash hamda ularning xaritasini tuzish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati, o‘tkazilgan geobotanik tadqiqotlar natijasida yaylovlarning holatini yaxshilash borasida fikr almashdi.
Bu borada uzoq va kam foydalaniladigan yaylovlarga boradigan dala yo‘llarini yaxshilash yoki yangi yo‘llar ochish hamda inqirozga uchragan yaylovlarni tiklash maqsadida, ozuqabop o‘simliklarni birlamchi urug‘chilik maydonlarini tashkil etish orqali yaylovlarni yaxshilash bo‘yicha takliflar berildi.
O‘rganish davom etmoqda.