Yer ostida 17 yil yashagan odam haqida eshitganmisiz?
1997 yilda Xitoyning Sinszyan viloyatida 7,8 ballik zilzila sodir bo‘ldi. Kuchli yer silkinishi tufayli ko‘mir shaxtalarining biri - bir necha yuz metr yer ostidagi tunnelning katta qismi qulab tushdi. Dahshatli vayronalar ostida 118 nafar konchi halok bo‘ldi. Hukumat qaroriga muvofiq, mazkur yer osti koni uzoq muddat - 17 yilga yopildi.
2014 yilga kelib yana hukumat qaroriga binoan konni qayta tiklashga qaror qilindi. Quruvchilar eski g‘orlarda qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borayotgan vaqtda, surnay tovushiga o‘xshagan g‘ung‘illagan ovozni eshitib qo‘rqib ketishadi. Dastlab uni ventilyasiya quvuridan chiqayotgan shamolning tovushiga o‘xshatishdi. Ammo yaqinroq borganlarida, quvurda yotgan tirik odamni ko‘rib dahshatdan qotib qolishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, u 59 yoshli konchi Chan Vey bo‘lib, salomatligi juda og‘ir ahvolda edi. U odamlarni ko‘rib hushini yo‘qotdi. Qutqaruvchilar uni zudlik bilan kasalxonaga olib borishdi. Tibbiyotchilar uning jismoniy va ruhiy holatini sinchiklab o‘rganishdi. Konchi qorong‘ulikka o‘rgangan ko‘zlarini ancha vaqtgacha ocholmadi. Gaplari ham tushunarsiz, g‘o‘ng‘illashdan boshqa so‘z boyligi deyarli yo‘q. U bilan ruhshunoslarning ishlashiga to‘g‘ri keldi.
Aniqlanishicha, Chan Vey shuncha vaqt davomida avariya holatlari uchun mo‘ljallangan guruch hamda suv zaxiralari saqlanadigan omborxonada jon saqlagan ekan. U tirik qolish uchun kalamushlarni ovlagan, shuningdek, vitaminlarga boy bo‘lgan qo‘ng‘izlarni terib yeyishga majbur bo‘lgan.
Uning aytishicha, u kon qulagan vaqtda devorga yaqin joylashgan havo chiqarish quvuriga yaqinroq joyda ishlayotgan bo‘lgan. Tom qulayotgan paytda devor tagidagi quvurga emaklab borib kirib olgan. Yaxshiyamki, tepadan havo kiradigan qismiga joylashib olgan. Ventilyasiya quvurining ikkinchi tomonida omborxona joylashgan edi. Biroz vaqtdan so‘ng chiqib, o‘zidan boshqa birorta ham tirik jon yo‘qligini bilib qolgan. Konning shu qismida o‘zi bilan birga ishlayotgan 78 nafar konchilarning barchasi halok bo‘lishgan ekan. Bir yil davomida ularning tanalarini vayronalar tagidan chiqarib, tunnelning ochiqroq hududiga o‘tkazib dafn qildi.
Bugungi kunda Xitoyda 16 mingdan ziyod ko‘mir konlari bor. Ularning aksariyati noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanadi. Shu sababli ko‘plab avariyalar sodir bo‘lib turadi. Hukumat tomonidan konchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida qilinayotgan ishlarga qaramay, yiliga 4 mingga yaqin konchilar shu taxlit halok bo‘lishadi. So‘nggi yillarda Xitoy hukumati mingga yaqin noqonuniy ko‘mir konlarini yopishga erishdi. Ammo bugungi kunda ham kuniga 6 nafar konchi turli sabablar bilan bu hayotdan ko‘z yumadi.
Chan Veyning 17 yil yerostida yashaganiga ishonging kelmaydi. Ammo u Gennis rekordlari kitobiga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, ilgari ham yer ostida «buyuk ktonlar» qabilasi bilan besh yil birga yashab, tirik qaytib kelgan xitoylik Van Xu haqida hikoya qilgandik. U ham konda sodir bo‘lgan zilzila oqibatida qamalib qolgan edi.