“Yer yuzining sayqali” ko‘rgazmasi tarix ixlosmandlari uchun ochiq

Samarqandga bejiz yer yuzining sayqali, deya ta’rif berilmagan. Negaki, bu zamin insoniyat sivilizatsiyasida muhim rol o‘ynagan, tarix sahifalarida nomi zarhal harflar bilan yozilgan va o‘chmas iz qoldirgan. Bu qadim shahar ilm-fan, madaniyat va san’at beshigi, ulug‘vorlik, taraqqiyot va yuksalish timsoli. 

 “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasida “Yer yuzining sayqali” nomli ko‘rgazmaning ochilishida so‘z olganlar buni alohida ta’kidladi.

- Zarafshon vohasi hududidan topilgan tarixiy ashyolar, noyob topilmalar ana shu buyuk tarixdan darak berib turibdi, - deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori Xo‘jaqul Muhammadiyev. - Bugun sohaga e’tibor oshdi. Nufuzli xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etyapmiz, rivojlangan mamlakatlar bilan muzeyshunoslikdagi hamkorlik kuchaydi. Bu yurtimiz, xususan, Samarqand tarixini jahon xalqlariga tanitishda muhim o‘ringa ega.

Ko‘rgazmaning ochilish tadbirida muzey xodimlari, mutaxassislar, olimlar, yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mazkur ko‘rgazma o‘zbek xalqi va davlatchilik tarixi, birinchi va ikkinchi renessans davri, buyuk allomalar hayoti va faoliyati, unda Samarqandning yuksak siyosiy va madaniy o‘rni va ahamiyatiga qaratilgan.  

- Bundan tashqari, ko‘rgazmada Movarounnahr va Xurosonda yashab ijod qilgan buyuk mutafakkirlar, allomalarning dunyo ilm-faniga qo‘shgan hissasini yoritish, ularning asarlarini, siymolarini arxeologik, etnografik, tasviriy san’at asarlarlari va manbalari yordamida tanishtirib borish ko‘zda tutilgan, - deydi muzey bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov. - Ko‘rgazma davriy tartibda tashkil qilingan bo‘lib, unda bronza va ilk temir davrida Samarqand tarixidagi siyosiy, madaniy jarayonlar, Samarqandning Buyuk ipak yo‘lidagi mavqeyi, savdo yo‘llarida so‘g‘d tilining ahamiyati, o‘rta asrlarda sopol, toshlar, metal va shishadan ishlab chiqarilgan nodir buyumlarning namunalari o‘rin olgan. Shuningdek, 9-12 asrlardagi birinchi renessansda Samarqandda taraqqiy etgan ilm-fan va madaniyatning Movarounnahr rivojiga ta’siri hamda Samarqand tarixini o‘rganish bilan bog‘liq arxeologik va etnografik ekspeditsiyalarda topilgan ashyolar tarix ixlosmandlari e’tiboriga havola qilinmoqda.

Ko‘rgazmada Sohibqiron Amir Temurning Samarqandni ilm-fan va madaniyat markaziga aylantirishi, uning ijtimoiy-iqtisodiy hayotning farovonligi yo‘lida qo‘shgan ulkan hissasi muzey ashyolari, miniatyuralar va tasviriy san’at asarlarida namoyish etilmoqda. Shuningdek, unda Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi kabi allomalarning ilm-fanga qo‘shgan hissasi va madaniy merosi ham o‘rin olgan.

Ko‘rgazma joriy yilning oktyabr oyiga qadar davom etadi.

Sulaymon Mardiyev,

Baxtiyor Mustanov (surat).