Erdan ayoli haqida so‘raladi, mas’uliyatni unutmang!

Erkak kishiga ayolini Alloh taolo unga vojib qilgan ishlarni bajarishga va unga harom qilgan ishlardan tiyilishga buyurishi zimmasidagi burch sanaladi.

Qo‘pollik qilmang, go‘zal dinimizni yomon ko‘rsatib qo‘ymang. Tadbirli bo‘ling. Er xotinining qilgan ishlarida mas’uliyatli hisoblanadi. Alloh taolo erga ayoliga rahbarlik haqqini bergan. Ana shu rahbarlikning bir ko‘rinishi ayolini farzlarni ado qilishga va harom narsalardan chetda bo‘lishga undashidir.

Alloh taolo "Niso" surasining 34-oyatida shunday degan: "Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar".

Ayolini shariatda harom bo‘lgan ishni qilishiga "O‘zi shuni xohlayapti", deb uni bu ishdan shar’iy barcha yo‘llar bilan qaytarmay va nasihat qilmay tashlab qo‘yishi uni gunoh, mas’uliyatidan forig‘ qilmaydi. Shunga binoan er ayolini Alloh buyurgan ishlarga, shu jumladan uzun libos kiyishga buyurishligi zimmasidagi vojibi bo‘ladi. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Ogoh bo‘linglar, barchangiz mas’uldirsiz va barchangiz o‘z mas’uliyatingizdan so‘ralursiz... Erkak o‘zi ahli baytiga mas’uldir va ular haqida so‘ralur", deganlar.

"Zikr ahlidan so‘rang" hay’ati.