Erkinlik – o‘zboshimchalik emas

Hozirgi axborot texnologiyalari rivojlangan bir paytda, jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar tezlik bilan keng ommaga tarqalmoqda. Shu orqali dunyoda bo‘layotgan hodisalar, turli iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlardan xabardormiz. Lekin ayni damda ijtimoiy tarmoqlarda yoritilayotgan ba’zi xabar va voqealar kishining g‘ashiga tegadi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda kam ta’minlangan oilalarga berilgan beg‘araz yordamga bir erkak o‘zining noroziligini bildirdi. Afsus, bundaylar bitta emas. Hozirgi kunda ichki ishlar xodimlariga, mahalliy hokimiyat vakillariga bo‘lgan munosabat tez-tez ijtimoiy tarmoqlarda yoritilmoqda. Bularning hammasi ayrim odamlarning ma’naviy dunyosi torligi, saviyasi pastligidan darakdir.
Ustozimiz professor Mamayunus Pardayev o‘z kitobida "Erkinlik o‘zboshimchalik emas", degan edi. Bunday beboshliklarning o‘rniga kitob o‘qib, tafakkurimizni charxlab, farzandlarimiz, uka-singillarimizga saboq bersak bo‘lmaydimi?
Bilasizmi, dunyodagi eng yosh olim kim bo‘lgan? U 1989 yilda Nyu-York shahrida tug‘ilgan Aliya Saburdir. U 2 yoshga to‘lganda salohiyati (IQ test bilan aniqlaganda) birinchi sinf o‘quvchisiga mos kelgan, 10 yoshida maktabni tugatib, Stoni Brukdagi Nyu-York davlat universiteti talabasi bo‘lgan. 17 yoshida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Dunyodagi eng yosh dasturchi 5 yoshli pokistonlik Ayan Kuroshi ekanini bilasizmi? U dunyodagi eng yuqori IQ testi egasi bo‘lgan. U haqdagi ma’lumotni o‘qib, har bir kishi men shuncha yoshga kirdim, o‘zim uchun nima qildim, degan savolni berishi kerak.
O‘rta asrlarda yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimiz, ularning tengsiz ilmiy merosi, dunyo tan olgan asarlari, bunday natijaga erishish yo‘lida qilgan mehnatlari haqida batafsil yoritilgan adabiyotlarni yoshlarimiz nima uchun bilmaydi va boz ustiga o‘qimaydi? Ammo bizning ajdodlarimiz ma’naviy merosi haqida dunyoning ko‘pgina mamlakatlari bolalari biladi. Ularning ilmiy asarlaridan amaliyotda asrlar davomida foydalanib kelinadi.
Biz milliy o‘zlikni anglash, tariximizni tarannum qilish bobida ham sust ishlayapmiz. Bu haqda xorijda o‘qib ishlayotgan tengdoshlarimiz kuyinib gapiradi. Yoshlarda milliy iftixor tuyg‘usi bo‘lishi kerak. Shundagina millatni dunyoga tanitadi. Biz esa ko‘p hollarda asosiy vaqtimizni har xil “dedi-dedi”, “mish-mish”larga sarflaymiz.
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan videolavhaga qaytmoqchiman. Agar o‘sha, ehsondan norizo kishida ozgina bilim bo‘lganida, oriyati ham bo‘lardi. Beg‘araz olgan yordamni hammaga ko‘z-ko‘z qilib, o‘zini sharmanda qilmasdi.
Hozirgi vaqtda jamiyatimizda vaziyat butunlay o‘zgardi. Kecha auditoriyada jonli muloqot asosida o‘tayotgan darslarimiz bugun masofaviy shaklda olib borilmoqda. Dasturga ko‘ra bu ish shu yil ayrim fanlar bo‘yicha boshlanishi kerak edi. Ammo vaziyat shuni taqozo qildiki, birdaniga o‘tishga majbur bo‘ldik. Endi bemalol maktab o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida tashkil etilayotgan xalqaro onlayn olimpiadalarda ishtirok etishimiz mumkin. Bularning barchasi mamlakatda ijtimoiy tarmoqlardan turli maynavozlikni ko‘rsatish uchun emas, balki maqsadga muvofiq tarzda, ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanishni taqozo qiladi. Zero, shu yo‘l bilan talaba va o‘quvchilar o‘z bilimini qayta-qayta sinab ko‘radi, xatolarini tuzatish imkoniga ega bo‘ladi.
Sevara BABONAZAROVA,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchisi.