Yerlarni xususiylashtirish mumkinmi?

Ha, mumkin. Faqat buning tartiblari bor

Shu yil 15 noyabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, quyidagi yerlar xususiylashtirilishi mumkin:
- yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik uchun berilgan yerlar;
- fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, tadbirkorlik va shaharsozlik uchun berilgan yerlar (ilgari YaTTlarning xususiylashtirilishi nazarda tutilmagan);
- xususiylashtiriladigan davlat ob’yektlari joylashgan yerlar (ilgari bu ruxsat berilmagan);
- bo‘sh turgan yerlar.
Yer uchastkalari quyidagi shakllarda xususiylashtiriladi:
- umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yerni sotib olish;
- yerni elektron onlayn-auksion orqali sotib olish.
Quyidagilar xususiylashtirishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
- xususiylashtirish uchun asos mavjud emasligi;
- yerga nisbatan tugallanmagan sud ishlarining mavjudligi;
- yerda joylashgan ko‘chmas mulkka qo‘yilgan taqiqning yoki xatlovning mavjudligi;
- aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarida, aholi punkti loyihalarida xususiylashtirishga monelik qiladigan ma’lumotlarning mavjudligi;
- davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror mavjudligi;
- xususiylashtiriladigan yer uchastkasini sotishga yoki boshqacha tarzda o‘zga shaxsga o‘tkazishga nisbatan taqiqning mavjudligi;
- arizada noto‘g‘ri, bir-biriga zid bo‘lgan yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlanganligi;
- xususiylashtiriladigan yer puli to‘lanmaganligi.
Bo‘sh turgan yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtiriladi.
Yerga bo‘lgan mulk huquqi uchun davlat orderi yer uchun to‘lov qilinganidan so‘ng 1 ish kunida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan beriladi.

Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi axborot xizmati.