Eronning Isroilga eng yirik zarbasi, Isroil Eronni jiddiy oqibatlardan ogohlantirdi. Voqea tafsilotlari
Isroilga zarbalar va tahdidlar
Kecha tunda Eronning Isroil tomonga yuzlab raketalar bilan hujumi dunyo hamjamiyatini yana Yaqin Sharqqa qaratdi. Eron buni Isroilning Livandagi zarbalari va Eronning yuqori martabali bir necha harbiysi o‘limiga javob deya izohladi. Isroil esa hujumning badali og‘ir bo‘lishi bilan tahdid qilmoqda.
SAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, Eron uchirgan ballistik raketalarning aksariyati Isroil mudofaa kuchlari tomonidan tutilgan. Eron esa o‘z navbatida raketa hujumi paytida Isroilning 20 dan ortiq F-35 qiruvchi samolyotlarini urib tushirgani, Nevatim aviabazasini yo‘q qilingani, Isroilning janubi-g‘arbida, Ashkelon shahri yaqinidagi gaz platformalari zararlanganini ma’lum qildi.
Isroil, agar Eron Isroil hududiga zarbalar bersa, Eronni yadroviy yoki neft infratuzilmasiga hujum qilish ehtimoli haqida ogohlantirgan edi. Eron ham dushanba kuni bo‘lajak hujum haqida AQSh rasmiylarini ogohlantirgan.
Bir kun avval Isroil mudofaa armiyasi jangovar samolyotlari kechasi Yaqin Sharqdagi nishonlarga javob zarbalari berishini ma’lum qilgandi. "Bugun kechqurun biz zarba beramiz, uning natijalarini butun Yaqin Sharq ko‘radi", - deya tahdid qilgan Isroil armiyasi.
Eron bundan saboq olmadi va Isroilga raketa hujumi uchun "yuqori narx" to‘laydi, dedi Isroil mudofaa vazirligi rahbari Yoav Galant. Tehron xalqaro hamjamiyatning chaqiriq va ogohlantirishlariga quloq solmay, Yaqin Sharqdagi vaziyatni jiddiy xavf ostiga qo‘yib, Isroilga nisbatan “misli ko‘rilmagan” hujum uyushtirgani aytiladi bayonotda.
Isroil javob bersa…
Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi o‘z navbatida agar Isroil raketa hujumiga javob qaytarsa, uning infratuzilmasini butunlay yo‘q qilish bilan tahdid qildi. Bosh shtab, shuningdek, Isroil ittifoqchilarini Islomiy respublika bilan urushga kirishish oqibatlaridan ogohlantirib, Eronning javobi ularni “tavba qilishga majbur qiladi” deya da’vo qilgan.
Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasi Eronning Isroilga raketa hujumi yahudiy davlatining hujumlariga qonuniy javob ekanligini aytdi.
Eronning eng yirik raketa hujumi sababi
Eron “Hizbulloh” va HAMAS yetakchilari hamda Livandagi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kuchlari qo‘mondoni shahid bo‘lganiga javoban Isroilga hujum qildi. Bu haqda ISNA agentligiga Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kuchlari matbuot xizmati xabar berdi. “HAMAS Siyosiy byurosi rahbari Haniya, Hizbulloh bosh kotibi Seyid Hasan Nasrulloh va Livandagi korpus qo‘mondoni Abbos Nilfrushonning shahid bo‘lishiga javoban biz bosib olingan hududlarning yuragini nishonga olyapmiz”, — deyiladi hisobotda.
Ayni vaqtda esa OAV Isroil mudofaa kuchlarining yana Livandagi Hizbulloh ob’yektlariga hujumi haqida yozmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Bayrutning janubiy chekkalaridagi aholi hududlari ham jiddiy zarbaga uchragan. Arab OAVlari Isroil qiruvchi samolyotlar va dronlardan foydalangani haqida xabar bermoqda.
Ekspertlar ushbu voqealar Yaqin Sharqda mojaro ko‘lami kengayishiga olib kelishidan xavotirda.
G.Xoldorova tayyorladi.