Eronning yadroviy quroldan voz kechish bo‘yicha taklifini Vashington qabul qilmagan

Eron muzokaralar davomida AQShga Tehronning yadroviy qurol ishlab chiqishga urinishlardan voz kechishini rasman qayd etishni taklif qilgan. Ammo Vashington bu taklifni qabul qilmadi. Bu haqda Islom respublikasi tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi ma’lum qildi.

“Eronning yadroviy quroldan to‘liq voz kechish haqidagi taklifi rad etildi. Chunki Amerika tomoni texnik jihatlarni tushunmadi”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Eron va AQSh o‘rtasida Tehronning yadroviy dasturi atrofidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha uchinchi raund muzokaralar 26 fevral kuni Jeneva shahrida Umon vositachiligida bo‘lib o‘tdi. Eron delegatsiyasiga Araqchi boshchilik qildi. AQSh tomonini esa prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff va tadbirkor Jared Kushner taqdim etdi.

2 martdan boshlab Eron va AQSh texnik guruhlari Vena shahridagi Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) shtab-kvartirasida maslahatlashuvlarni boshlashi kerak edi.

2003 yildan beri Eronda mamlakat oliy rahbari chiqargan fatvo amal qiladi. Unga ko‘ra, yadroviy qurol ishlab chiqarish taqiqlangan. Islom respublikasi rahbariyati atom bombasini yaratish niyati yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan.