Ertadan Yangi yil tomoshalari boshlanadi
Bu yil ham Yangi yilni ko‘tarinki ruhda kutib olish maqsadida viloyat hokimligi madaniyat boshqarmasi, viloyatdagi mavjud teatrlar jamoalari bilan hamkorlikda madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, asosiy bayram tomoshalari Samarqand shahridagi viloyat musiqali drama teatri va Temiryo‘l vokzali oldidagi maydonda hamda Sartepa maskani, Kimyogarlar, So‘lim va Farhod shaharchalarida bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, viloyatdagi barcha tuman va shaharlar markazi bayram tadbirlarini o‘tkazish uchun shay holga keltirildi.
Shodiyona munosabati bilan bugun Samarqand shahrida bayram yarmarkalari ish boshladi. Xususan, Ko‘ksaroy maydonining viloyat musiqali drama teatri oldidagi savdo pavilonlarida Yangi yil bayrami sovg‘alari savdosi yo‘lga qo‘yildi. Bayramning asosiy archasi ham teatr oldidagi maydonga o‘rnatildi. Uning bo‘yi 26 metrni tashkil etadi. Archa yonidagi sahnada 20 dekabrdan 2019 yil 10 yanvargacha bayram tomoshalari, ko‘rgazma va konsert dasturlari namoyish etiladi. Korxona va tashkilotlar o‘rtasida "Eng chiroyli bezatilgan archa", "Eng chiroyli bino" hamda "Eng namunali ko‘cha" nominatsiyalari bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi va g‘oliblar aniqlanadi.
– Farzandlarim bilan bu yerga kelib, Yangi yil zavqini tuydik, madaniy hordiq oldik, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Mahbuba Shamsiyeva. – Yarmarkadan o‘zimizga kerakli archa bezaklari va o‘yinchoqlarini xarid qildik. Bolalarimning quvonchi ichiga sig‘maydi. Yangi yil archasi ham o‘zgacha ekan. Yurtimizda shunday ayyom, to‘y-bayramlarning ko‘p bo‘lgani qanday yaxshi.
Abdujabbor PO‘LATOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).