Ertalab qayerda badantarbiya bilan shug‘ullanasiz, qayerda sayr qilasiz?

Koronavirus pandemiyasi sabab toza-ozodalikka, to‘g‘ri ovqatlanishga, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga e’tiborimiz oshdi. Ko‘proq jismoniy harakat qilish, sport bilan shug‘ullanishga odatlandik. Mutaxassislarning aytishicha, ana shu omillar tufayli bu yil turli yuqumli kasalliklar keskin kamayibdi.

E’tibor bersangiz, bugun istirohat bog‘lari va xiyobonlarda yoki sport maydonlarida ertalab yoki kechqurun sayrga chiqadiganlar, badantarbiya, sport bilan shug‘ullanadiganlar avvalgidan ancha ko‘paygan (lekin bu insonlar orasida katta yoshlilar ko‘pchilik). Buyam odamlarning salomatlikka, sog‘lom hayot kechirishga befarq emasligidan dalolat beradi.

– Yaqinda koronavirusdan davolandim, Xudoga shukr, yengil kechdi, – deydi ertalab Samarqand shahridagi markaziy istirohat bog‘ida sayr qilayotgan otaxonlardan biri. – Do‘xtir nafas mashqlari bilan shug‘ullaning, ertalab va kechqurun sayr qiling, dedi. Bu yerda archa ko‘p, havosi toza, shuning uchun shu yerga kelaman. Samarqand shahridan oqib o‘tadigan katta kanal yoki anhor bo‘lmasa-da bir necha ariqlar bor, lekin atrofida yurib bo‘lmaydi. Qani endi o‘sha joylarda sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratilsa, juda foydali ish bo‘lardi-da. Shahar havosi ham ancha toza, mo‘’tadil bo‘lardi.

Haqiqatan ham, Samarqand shahrida katta anhorlar yo‘q. Ammo Bog‘ishamol, Siyobcha, Chashma, Shaar, Jar ariq, Obi Mashhad singari kollektor va kichik ariqlar bor. Afsuski, yillar davomida ular atrofi o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, tartibsiz qurilishlar qilinishi oqibatida irrigatsiya tizimlari kichrayib, ko‘p joylari yopilib ketdi. Ochiq joylari chiqindixonaga aylandi, oqavalar shu ariqlarga o‘nglab qo‘yildi. Buning oqibati nima bo‘layotgani ham barchamizga ma’lum – ko‘proq yomg‘ir yog‘sa ariqlar atrofidagi uylarni, ko‘chalar suv bosyapti va bundan o‘zimiz jabr ko‘ryapmiz.

Keyingi paytda shaharda bu kabi kollektor va ariqlar atrofini ochish, tozalash, noqonuniy qurilmalarni buzish ishlari olib borilyapti. Ammo bu ish sust kechyapti. Ariqdagidan tashqari, uning atrofida ham turli “to‘siq” va “g‘ovlar” uchrayapti. Ularni olib tashlash uchun ancha vaqt, mablag‘ sarflanayotgani, asablar buzilayotgani ham sir emas.

Gap badantarbiya, sport bilan shug‘ullanish haqida ketganda toshkentlik do‘stlarimiz poytaxtdagi anhorlar bo‘yida buning uchun qulay sharoit yaratilganidan maqtanib gapirishadi. Yilning to‘rt faslida ham anhor bo‘yida sayr qilish, yurish, yugurish, sport bilan shug‘ullanish mumkin. Qarshi, Urganch, Guliston, Jizzax, Farg‘ona shaharlaridan o‘tgan kanal va daryo sohillari ham obod qilinib, aholi hordiq chiqarishi, sayr qilishi uchun imkoniyatlar yaratilganini ko‘rganmiz. Samarqand shahrida bunday sharoit yaratish uchun imkoniyatlar juda ko‘p, ammo hozircha bunga hafsala yetmayotgandek, nazarimizda.

Shahardagi istirohat bog‘lari va xiyobonlarda sport bilan shug‘ullanish burchaklari ochilishi, sport inventarlari joylashtirilishi yugurish va velosipedda harakatlanish uchun yo‘laklar tashkil etilishi haqida aytilganiga ham bir necha yil bo‘ldi. Ammo hali bu borada ko‘zga ko‘rinarli ish bajarilmadi. Alohida sport-sog‘lomlashtirish xiyoboni tashkil etish haqidagi g‘oya ham hozircha g‘oyaligicha turibdi.

Bugun shaharda turizmni rivojlantirish, sayyohlar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Ana shu jarayonda sport turizmiga ham e’tibor qaratilmoqda. Samarqandda xalqaro marafonlar, sport musobaqalari o‘tkazish an’anaga kirmoqda. Endi bunday tadbirlarni o‘tkazish uchun zamonaviy sport inshootlar, xiyobonlar va marafon uchun maxsus joylar ham tashkil etilsa, ayni muddao bo‘lardi.

Umuman, bugun odamlar sport orqali sog‘lom turmush tarziga odatlanayotgan ekan, nafaqat Samarqand shahrida, balki tumanlar markazlarida ham sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratilsa, maxsus xiyobonlar tashkil etishga e’tibor qaratilsa, bu faqat yaxshilikka xizmat qilardi.

G‘olib Hasanov.