Bitiruv malakaviy ishlari himoyasi davom etmoqda

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Samarqand filiali bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiya jarayonlari ish beruvchi korxona va tashkilotlarda tashkil etilmoqda.
Telekommunikatsiya texnologiyalari hamda axborot xavfsizligi ta’lim yo‘nalishi talabalari bitiruv malakaviy ishlari himoyasi “O‘zbektelekom” AK Samarqand filialining Samarqand shahar telekommunikatsiya bog‘lanmasida bo‘lib o‘tdi.
Bitiruv malakaviy ishlari telekommunikatsiya sohasining dolzarb muammolari va yangi texnologiyalarni telekommunikatsiya sohasiga tadbiq qilish masalalariga hamda axborot xavfsizligi sohasining dolzarb muammolari va yangi texnologiyalarni axborot xavfsizligini ta’minlashga tadbiq qilishga qaratilgan.
Kompyuter injiniringi bakalavr ta’lim yo‘nalishi talabalarining bitiruv malakaviy ishi himoyasi Samarqand viloyati kasbiy ko‘nikmalar mintaqaviy markazi (KOICA) da bo‘lib o‘tdi.
Kompyuter injiniringi yo‘nalishi talabalari o‘z bitiruv malakaviy ishlari doirasida sun’iy intellekt va mashinali o‘qitish asosidagi dasturiy yechimlar, parallel hisoblash texnologiyalari va samarali algoritmlar, IoT (Internet of Things) qurilmalarini boshqaruvchi tizimlar, veb va mobil ilovalarni ishlab chiqish bo‘yicha amaliy loyihalar kabi yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib bordi.
Bu ishlar nafaqat nazariy bilimlar asosida, balki real hayotdagi muammolarga amaliy yechimlar topishga qaratilgan.
Talabalar real vaqt va bulutli texnologiyalarga asoslangan tizimlar yo‘nalishlarida BMI doirasida ishlab chiqqan IT mahsulotlarini taqdim etishdi.
Jumladan, “UNICON SOFT” MChJ Samarqand viloyat filiali rahbari tomonidan ikki nafar talabaning ishlarini amaliyotga joriy etish, davlat va xususiy korxonalarga tadbiq etish orqali tijoratlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shu bilan birgalikda, ikki nafar talabani “UNICON SOFT” MChJ Samarqand viloyat filialiga ishga olishga nomzod sifatida tavsiya berildi. Uch nafar talabaning ishlarini startap loyihalar sifatida davom ettirishga tavsiya qilindi.
Filial talabalari bitiruv malakaviy ishlarini tmuvafaqiyatli tugatishdi, ular soha korxonalarida, ta’lim dargohida olgan o‘z bilim va ko‘nikmalarini amalda qo‘llash maqsadida keyingi manzillari tomon yo‘l olishdi.
Abdug‘afur Hotamov,
TATU Samarqand filiali dotsenti.