Bilim va malakalarni baholash agentligi ogohlantiradi: “O‘qishga kiritib qo‘yadiganlarga ishonmang!”

Bugun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Test topshiriqlar bilan ishlovchi mas’ul xodimlar jarayonlar o‘tkazish mobaynida maxsus yopiq rejimga o‘tkaziladi va ular tashqi muhitdan uziladi.
Shuningdek, Bilim va malakalarni baholash agentligining o‘z mablag‘lari hisobiga test sinovlaridagi shaffoflik va inson omilini kamaytirishga xizmat qiluvchi respublikamizning barcha hududlarida katta sig‘imli binolar barpo etilmoqda. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Buxoro, Namangan, Xorazm, Farg‘ona, Surxondaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatlaridagi binolar foydalanishga topshirilib, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida esa bino qurilishi davom etmoqda.
Hozirda korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro miqyosdagi kabi respublikamizda ham dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Bilim va malakalarni baholash agetligining “Korrupsiyaga qarshi kurashish” bo‘yicha dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra inson omilini kamaytirish maqsadida test sinovlarini sun’iy intellektdan keng foydalangan holda onlayn rejimda tashkil etishni yo‘lga qo‘yish, test materiallarining xavfsizligi choralarini kuchaytirish, test sinovi nazoratchilari bankini shakllantirish, saralash ishlarining shaffofligini oshirish, xodimlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish va boshqa tegishli bandlar bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Bilim va malakalarni baholash agetligi Samarqand viloyat bo‘limi tomonidan o‘tgan besh oy davomida viloyat adliya boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda 22 ta ta’lim muassasasida “Korrupsiya rivojlanishimizga to‘siq”, “Korrupsiyasiz ta’lim”, “Korrupsiya bor joyda taraqqiyot bo‘lmaydi”, “Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz” mavzulari bo‘yicha seminar, ochiq muloqot va davra suxbatlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etgan ta’lim muassasalari rahbarlari, o‘qituvchilar va o‘quvchilarga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, qonunchilik, xizmat intizomi, odob-axloq qoidalari va ichki tartib qoidalarga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli tushuntirishlar berilib, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik, “o‘qishga kiritib qo‘yaman” degan va’dalarga ishonmaslik kabi ma’lumotlar berib o‘tildi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Bilim va malakalarni baholash agetligi tomonidan korrupsiyaga oid murojaatlarni qabul qilish uchun maxsus telegram bot va elektron pochta ishga tushirilgan. Agar abituriyentlar o‘qishga kirishda korrupsiya omillarini keltirib chiqaruvchi vaziyatlar yoki holatlarga duch kelsalar, quyidagi aloqa kanallari orqali Bilim va malakalarni baholash agentligiga murojaat qilishlari mumkin:
Ishonch telefoni: (95) 199-19-14,
Xolis fuqaro: https://uzbmb.uz/page/reception,
Rasmiy sayt: https://dtm.uz/page/reception,
Elektron pochta: anticor@uzbmb.uz
Telegram-bot: https://t.me/bmbaanticor_bot.
Samariddin SUYuNOV,
Bilim va malakalarni baholash agetligi Samarqand viloyati bo‘limi mutaxassisi.