Ko‘prikning egasi bormi?

Viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal ShUKUROV e’tiboriga!

Paxtachi tumanidan Qarnabota qishlog‘iga boradigan yo‘l 30 kilometrni tashkil etadi. Bugungi kunda yo‘lning abgori chiqib ketgan. Mashina tugul, piyodalar yurishi ham mushkul. Chunki bu yo‘ldan har kuni yuzlab 60, 70, 80, 100 tonnalik yukka mo‘ljallangan mashinalar tosh, ohak va gips tashib o‘tadi.

Yo‘lovchiga mo‘ljallangan ikkita avtobus ham, aholiga tegishli transport vositalari ham shu yo‘ldan yuradi.

Ko‘p bor murojaat qilganimizdan keyin bu yo‘lning aynan yurishi hozircha mumkin bo‘lgan qismi loyihasi tenderga qo‘yildi. To‘rt yil oldingi tenderni yutgan tashkilot uni pudratchiga berdi. Pudratchi besh kilometrlik yo‘lni naq uch yilda qurdi. Loyihada shunaqa muddat qo‘yilgan ekan.

Mayli, bunisiga ham ko‘nikmasdan ilojimiz yo‘q. E’tiroz bildirganimiz bilan mutasaddilarning yuzlab bahonasi tayyor. Xullas, yo‘lning qurib bitkazilganiga qariyb bir yil bo‘lyapti, ehtimol, pulini to‘liq olish uchun uni foydalanishga ham topshirishgandir. Ammo bugungi kunda shu yangi yo‘lning yarmidan yurib bo‘lmaydi, asfalt o‘rniga yo‘lsoz tuproq yoki qanaqadir qorishma to‘kib ketganga o‘xshaydi. Albatta, bu ahvolga tegishli inspeksiya baho berishi kerak, biroq shu paytgacha jim.

Shu yo‘lning Fay qishlog‘idan o‘tuvchi qismida Narpay kanali ustiga qurilgan ko‘prik bor. Bu ko‘prikning ahvoli haqida viloyat yo‘l qurilishi idorasi rahbarlariga aytaverib charchadim. Ular borishdi, ma’lumotnomalar qilishdi, ta’mirlash choralarini ko‘ramiz, deyishdi. Ikki yil o‘tsa ham bu yerda hech narsa bajarilmadi, aksincha, ko‘prik ustidagi beton moslamalar yorig‘i kattarib boryapti.

Xo‘p, respublika yo‘l qurilishi idorasiga Senat orqali qilgan murojaatimiz tuya go‘shti yeganga o‘xshaydi. Bahona - mablag‘ yo‘q. Lekin qaysi rahbar shu yo‘lda monitoring olib bordi? Axir, shu yo‘ldan kuniga kamida 100 ta mashina qurilish xomashyosi tashiydi, bu xom ashyolar pulga aylanmayaptimi? Shu yo‘ldan tashilgan katta miqdordagi mahsulot foydasidan nahotki bu yo‘lni ta’mirlash mumkin emas? Davlatimiz rahbari bunday chog‘da ichki yo‘llarni betonlashtirish uchun sharoit yaratib berdi. Ming afsuski, bu usul ustida bosh qotiradigan, foyda-zararini hisoblaydigan idora topilmadi.

Hayronman, ko‘prikning shu ahvolga kelishigacha "sabr-toqat" qilganlar chora olmaydimi yoki ulardan bu mas’uliyatni talab qiladigan mard yo‘qmi viloyatda? Yoki ko‘prikda birorta ko‘ngilsiz voqea ro‘y berishini kutib turibdimi mutasaddilar?

Akmal G‘ayratovich, ushbu nomani deputatlik so‘rovi sifatida qabul qilib, amaldagi qonunlar asosida ijrosini ta’minlashingizni so‘rayman.

Farmon TOShEV,

xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati.