Yaxta turizmi: Turkiyaning o‘ziga xos sayyohlik turi haqida eshitganmisiz?

O‘rta yer dengizi, Egey va Qora dengiz bilan o‘ralgan Turkiya yaxta turizmini rivojlantirish uchun tabiiy imkoniyatga ega.

Ikki dengiz mehriga burkangan marvarid sohil

Mug‘la shahri O‘rta yer va Egey dengizlari tutashgan joyda joylashgan bo‘lib, mamlakatning eng mashhur qirg‘oq shaharlarini yaxtada sayohat qilish uchun qulay maskan hisoblanadi. Unga tutash Bodrum shahriga esa dunyo tanigan yulduzlar aynan yaxtalar borligi sabab ko‘p kelishadi. Sayyohlar ularning jonli konsertlaridan bahramand bo‘ladi yoki Turkiyaning eng yaxshi yelkanli yaxtalarida Bodrum kubogi musobaqalarini tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.

Marmaris o‘zining tabiiy bandargohi va yuqori darajadagi marinalari bilan kishini hayratda qoldiradi. (Yaxta turizmidagi «marina» — bu yaxtalar, katerlar va boshqa kichik suv transport vositalari uchun maxsus jihozlangan joydir. Marina yaxta turizmining muhim infratuzilmasi. Ular ko‘pincha sohillar, daryolar yoki ko‘llar bo‘yida joylashgan bo‘lib, yaxtalarning xavfsiz bog‘lanishini va ekipajning qulayligini ta’minlash maqsadida quriladi). Ular elektr va suv ta’minoti kabi klassik xizmatlardan tashqari, quruqlikdagi to‘xtash joylari va sayohat liftlari bilan barcha ob-havo sharoitlarida to‘liq xavfsizlikni ta’minlaydi.

Fethiye esa dengiz portlari, himoyalangan ankrajlari, texnik infratuzilmasi va shaxsiy xavfsizligi, shuningdek, qayiq tashuvchilar kabi qo‘shimcha imkoniyatlari bilan ajralib turadi.

Egey sakinati uyg‘unlashgan betakror maskan

Egey dengizining marvaridi bo‘lgan Izmir jonli shahar hayotini qirg‘oq jozibasi bilan uyg‘unlashtiradi va marinalar shaharning yuqori sifatli hayotini boshdan kechirish uchun “eshik”dir.

Marinalar shahar markazidan boshlab, oltin plyajlari, shamol syorfingi va termal suvlari bilan mashhur bo‘lgan Cheshme va Alachati dam olish maskanlari hamda Seferihisar va Focha Cittaslov shaharlarigacha cho‘zilgan. Bundan tashqari, shaharning qadimiy merosi, zamonaviy madaniyati, Egey taomlari, Mishlen tomonidan tan olingan restoranlarning boy aralashmasi o‘ziga xos manzara kasb etgan. Bu yerda YuNESKOning Efes hududiga eng yaqin marina mintaqaning asosiy portlaridan biri bo‘lgan Kushadasida ham joylashgan.

Qit’alar va madaniyatlar uchrashadigan joy

Turkiyaning jonli poytaxti Istanbul, shuningdek, Bosfor va Marmara dengizi sohillarida zamonaviy marinalarning keng tarmog‘iga ega. Istanbulning Atako‘ydan Kalamish va Buyukchekmejedan Tarabyagacha bo‘lgan marinalari shaharning Yevropa va Osiyo tomoniga yoyilgan. Hatto mega yaxtalarni qabul qila oladigan darajada yuqori sig‘imga ega bo‘lgan Istanbul marinalari bozorlari, restoranlari, kafeteryalari, sog‘lomlashtirish va sport markazlari, bolalar o‘yin maydonchalari, ochiq avtoturargohlar xalqaro standartlarga ega.

Bundan tashqari, Istanbul marinalarining ustaxonalari bo‘yoq va lak qo‘llashdan tortib, elektron jihozlarni ta’mirlashgacha texnik /ta’mirlash ishlarini olib boradi, yaxta klublari esa yaxta egalariga sog‘lomlashtirish va sport markazlari, suzish havzalari va tennis kortlari bilan xizmat qiladi. Marinalardan tashqari, dinamik san’at va madaniyat sahnasi, tarixiy diqqatga sazovor joylar, shov-shuvli tungi hayot, cheksiz xarid qilish imkoniyatlari va mazali taomlar kabi shaharning qizg‘in hayotidan bahra olish mumkin.

Zilola tayyorladi.