Turmush chorrahalarida: Yig‘lagan ota

Yaxshi yashash, dang‘illama uy-joy, mashina, yaxshi maoshli ishi bo‘lishini Turob ham orzu qilardi. Ammo buning uchun yaxshi o‘qish, o‘rganish, kasb egasi bo‘lishga intilishni xayoliga keltirmasdi: “Maktabni bitiray, bir gap bo‘lar…”.

Ota-onasi ham shu fikrda edi. O‘g‘lining yurish-turishi, o‘qishi bilan qiziqmasdi. Turob maktabni bir amallab tamomlagach, o‘sha “bir gap» bo‘ldi - na o‘qishga kirdi, na biror hunar egalladi. Goh u, goh bu oliy o‘quv yurtiga o‘zini urib, ikki-uch yilni behuda o‘tkazdi. Bilim bo‘lmasa, maqsad bo‘lmasa, qiyin ekan. Ishlamoqchi edi, bo‘lmadi. Hunarsiz kishini kim ham ishga olardi? O‘ziga o‘xshagan takasaltanglarga qo‘shilib, sang‘ib yurdi.

Otasi, - dedi toqati toq bo‘lgan onaizor, - uylantirib qo‘ysak, balki oila mas’uliyati bo‘yniga tushib, yo‘lini topib ketar…
Bu qaror ikkinchi xato edi. To‘ydan keyin ahvol battar qiyinlashdi. Turob o‘zgarmadi, aksincha, ota-onasi to‘yga hadya qilgan sigirni boqib, sotgan sut-qatig‘ining puliga zo‘rg‘a qozon qaynatib turgan Malikaga tirik tovon bo‘ldi. Mahliyo tug‘ilgach, yashash yanada chigallashdi.
- Qachongacha bekor yurmoqchisiz? - dedi Malika yig‘lamsirab. - Qachon biz ham boshqalardek zoriqmay yashaymiz?
- Ish topilmasa, nima qilay? - o‘zini oqladi Turob.
- Ana, mardikor bozorga chiqing. Bo‘lmasa, ro‘zg‘orga, Mahliyoga qarang, men ishlay!
- O‘ylab gapiryapsanmi, xotin, isnod-ku!
- Mehnatning aybi yo‘q, nimasi yomon, bekorchi tentirab yurishingiz isnod emasmi?
Mardikor bozorda ham hunaring bo‘lsa, ish topilar ekan. Har kuni yarimta nonni belboqqa tugib, bozorga borgan Turob kech bo‘lganda ikki qo‘lini burniga tiqib, bir so‘msiz qaytardi. Birorta mijozning mashinasi kelib to‘xtagan zahoti mardikorlar duv etib o‘rab olardi:
- Suvoqchi kerakmi, duradgor kerakmi? Elektr payvandchi kerakmi…? Mijoz keraklisini tanlab, olib ketadi. Turobning hunari yo‘q, sarg‘ayib qolaveradi.

Aya, qornim ochdi! - xarxasha qildi jajji Mahliyo.
- Sabr qil, qizim, hozir dadang senga shirin kulcha olib keladi, mazza qilib yeysan. - Malika qizalog‘ini bag‘riga bosib, erkalaydi. Ammo qizini ovutish uchun aytgan gapiga o‘zi ham ishonmaydi.
Turobning bugun ham umidi puchga chiqdi. So‘ppayib, quruq qo‘l bilan qaytdi. Kech kirganda, zo‘rg‘a sudralib kirib keldi. Ertalab olib ketgan bir burda nondan boshqa narsa yemagan, batamom holdan toygandi.
- Adam keldi! - Mahliyo otasini ko‘rib, quchog‘iga otildi. - Shirin kulcha olib keldingizmi?.. - Turob qizalog‘ini bag‘riga bosib, yig‘lab yubordi...

Tog‘aymurod ShOMURODOV.