“Ezma”, “Chaqimchi”, “Mug‘ombir” kabi yashirin imzolar bilan maqolalar yozgan ijodkor kim edi?

O‘tgan asrning boshida O‘zbekistonda yuz bergan siyosiy o‘zgarishlar Vatan ozodligi, xalqning ma’rifati, millat taraqqiyoti uchun kurashgan ilg‘or ma’rifatparvar ziyolilarning oldingi safida Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li ham bor edi.

Samarqandlik Hoji Muinning otasi Shukrullo do‘kondor bo‘lib, 32 yoshida vafot etadi. O‘n ikki yoshida ham ota, ham onasidan ayrilgan Hoji Muin Ruhobod guzarining masjid imomi bo‘lgan bobosi Mirsaid Sharif o‘g‘li tarbiyasida qoladi. Bu davrda uning xat-savodi chiqib bo‘lgan, bobosi tarbiyasida arab tili qoidalarini va diniy ilmlarni o‘rgana boshlagan edi. U yoshligidan Ahmad Yassaviy va Boborahim Mashrab, ozarbayjonlik Sobir Tohirzoda, Muhammad Xadiy Salimzoda, turk shoirlari Tavfiq Abdulhaq, Hamid Abdulla Javod, Ziyo poshsha, Hamid Kamol va Muhammad Aminbek ijodini qiziqish bilan o‘qidi hamda 1900 yil taniqli ziyolilardan biri Sayidahmad Vasliy bilan tanishdi. Vasliy unga arab tili qoidalarini o‘rgatibgina qolmasdan, uning she’riyatga bo‘lgan muhabbatini ham kuchaytirdi.

1901 yilga kelib Hoji Muin eski maktabda muallimlik faoliyatini boshladi. Sohada tajriba orttirib hamda Abduqodir Shakuriyning maktabi ta’sirida shaharning Xo‘ja Nisbatdor mahallasida o‘zi ham yangi usuldagi maktab ochdi. Ushbu maktabda ming nafarga yaqin bolalarning savodini chiqardi.

Hoji Muin avval Ojiz (Nahef), keyinchalik Mehriy taxallusida ijod qildi. U 1914 yilga qadar 2000 misra she’r yozib, ilmiy va axloqiy mazmundagi o‘zbekcha, tojikcha va arabcha she’rlaridan ayrimlarini «Guldastayi adabiyot» nomli she’riy to‘plamida jamladi. Bu to‘plamda uning «Xitob va go‘daki beilm», «Nasihat», «Muxammas», «Ittifoq», «Shikoyat», «E’tirof» sarlavhali she’rlari joy oldi. Shuningdek uning oktyabr inqilobigacha yozgan maqola va she’rlari «Samarqand», «Oyina», «Turkiston viloyatining gazetasi», «Hurriyat», «Vaqt», «Sho‘ro», «Tarjimon», «Boboyi Amir» kabi gazeta va jurnallarda chop etildi. U o‘z maqolalarida xalqning ma’naviyatini yuksaltirish, maorif va ta’lim-tarbiya masalalarini targ‘ib qildi. Ma’rifatparvar ijodkorning 1916 yilda yozilgan «Mazluma xotun» n pesasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Turkistonda 11 yil davomida sahnadan tushmadi. Asar 1920 yilda professor V.Vyatkin tomonidan rus tiliga tarjima qilindi. Keyinchalik «To‘y», «Eski maktab, yangi maktab», «Ko‘knori» kabi pesalar ham yozishga muvaffaq bo‘ldi.

Oktyabr inqilobidan so‘ng u asosan hajviy yo‘nalishda ijod qilib, «Tayoq», «Mashrab», «Mulla Mushfiqiy», «Mehnatkashlar tovushi» hajviy jurnallarda faoliyat yuritdi. Uning hajviy maqolalari Boturbek, Mashrab, Ezma, A’rofiy, Chaqimchi, Mug‘ombir kabi qator yashirin imzolar bilan e’lon qilindi. 1923-1925 yillarda uning «Maorif qurbonlari» nomi bilan yozilgan besh pardali pesasi Mahmudxo‘ja Behbudiy va safdoshlarining fojiali o‘limiga bag‘ishlangan edi. Asar Samarqand, Buxoro, Kattaqo‘rg‘on shaharlarida qayta-qayta namoyish etildi.

Qarangki, Hoji Muinning taqdiri ham boshqa safdoshlari kabi fojiali kechdi. U 1929 yil boshlangan qatag‘onda birinchilardan bo‘lib qamaldi va 1932 yilgacha qamoqda yotdi. Orada oqlanib, 1938 yil yanvarda yana qamoqqa olindi. 1942 yilning 21 iyulida Perm viloyatining Solikamsk qamoq lagerlaridan birida olamdan o‘tdi.

Hozir Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li yashagan xonadon muzeyga aylantirilgan.

Marhabo Irzayeva,

viloyat o‘lkashunoslik muzeyi tarix bo‘limi katta ilmiy xodimi.