Feruz Abilov: Oqdaryoni sanoat hududiga aylantiramiz
Viloyat teleradiokompaniyasining bu galgi "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida Oqdaryo tumani hokimi va tumandagi sektor rahbarlari, korxona va tashkilot mutasaddilari ishtirok etdi.
- Avvalgi muloqotimizda 61 murojaat bo‘lgandi va ularning barchasini mutasaddi idora rahbar va mutaxassislari bilan birgalikda o‘rganib chiqdik, - dedi tuman hokimi Feruz Abilov ko‘rsatuv avvalida. - O‘rganilgan murojaatlarning 33 tasi joyida hal etildi, 19 ta murojaat bo‘yicha tushuntirish berildi. Bundan tashqari, 1-sektor hududidagi 86 foiz xonadonda 1100 dan ortiq murojaat o‘rganildi. Ular asosan maishiy gaz ballon, elektr va ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etish haqida bo‘ldi.
Muloqot davomida aholidan arzon uy-joylar olish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, elektrdagi uzilishlarni bartaraf etish, gaz ballonlari bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, kredit olish, kadastr hujjatlari tayyorlash, jamoat transportini yaxshilash kabi masalalarda 54 ta murojaat tushdi.
Masalan, So‘g‘onchi mahallasidan Abdumurod Elmurodov elektr energiyasidagi uzilishlar, Yangi Ravot - 2 mahallasidan Hilola Omonova yo‘llarni ta’mirlash, Loyish shaharchasidan Adham Husanboyev uy-joy kadastr hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha murojaat qildi. Barcha masalalar tuman hokimligi va boshqa mutasaddilar tomonidan nazoratga olingani ma’lum qilindi.
Tuman hokimi Feruz Abilov muloqot so‘nggida gazetamiz uchun o‘z fikrlarini bildirdi.
- O‘tgan galgi muloqotda murojaatlar asosan bozor, veterinariya, maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi qurish borasida bo‘lgandi. Bu masalalarda ancha ish olib bordik, bozorlarimizdagi qurilishlarda tartib o‘rnatildi, shu bois bugun bozor bo‘yicha murojaat bo‘lmadi. Maktabgacha ta’lim muassasalarimizda bor-yo‘g‘i 17 foiz qamrov bo‘lgan bo‘lsa, hozir 30 foizga yetkazildi. 34 mahallada 51 oilaviy bog‘cha tashkil etildi, yana bog‘cha ochish ishlari davom etmoqda. Davlat sherikchiligi asosida 11 ta maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi rejalashtirilgan, shundan 6 tasiga kredit mablag‘i ajratildi, 2 tasi 1 iyungacha foydalanishga topshiriladi. Qolaversa, o‘zim maktablarda o‘quvchilarga dars o‘tib, ularning ko‘zidagi uchqunni, o‘qish, ilm olishga bo‘lgan qiziqishni ko‘ryapman. Bolani yoshlikdan ilmga o‘rgatish jinoyatchilikning oldini olish va bilimli avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi. Tumanimizda kitob o‘qish va kutubxona tashkil etishga qiziqish katta. Shuning uchun tadbirkorlar bilan hamkorlikda tuman markazida 30 mingdan ortiq kitob fondiga ega zamonaviy kutubxona qurishni rejalashtirganmiz.
Tumanimiz iqtisodiy salohiyati juda yuqori. Ammo hozirgacha viloyatda Oqdaryo iqtisodi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib turibdi. Shuning uchun tadbirkorlar va sarmoyadorlar bilan fikrlashib, parrandachilik, uzumchilik klasterlari tashkil etyapmiz. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan soyani qayta ishlash zavodi qurishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, ishlamay turgan baxmal ishlab chiqarish, yog‘-moy zavodlarini ishlatish rejalarini tuzdik. Bu tumanimiz iqtisodini ko‘tarish, investitsiya jalb qilish, qo‘shimcha soliq tushirish imkonini beradi.
O‘ktam XUDOYBERDIYEV.