Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i ichki ishlar organlari boshqaruv tizimini takomillashtirish mavzusida ilmiy ish qildi
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashning navbatdagi majlisida Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Muhiddin O‘tkurovich Jo‘rayev yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiya ishini munosib himoya qildi.
«Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi» ixtisosligi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Muhiddin Jo‘rayevning «Ichki ishlar organlari boshqaruv tizimini takomillashtirish» mavzusidagi dissertatsiya ishi barcha Kengash a’zolari tomonidan yuqori baholanib, unga yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori ilmiy unvoni berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
M.Jo‘rayev Urgut tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qigan. Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tahsil olgan.
Toshkent shahridagi Yakkasaroy, Mirzo Ulug‘bek tumanlari, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar IIBga, Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
Shu yilning fevral oyida Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.