Farmatsevtika sohasida tadbirkorlik qilish uchun qanday imtiyoz, imkoniyat bor?

- Urgutda farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish korxonasi qurishim uchun yer ajratib berish paysalga solinyapti. Nima uchun?

- Xorijda farmatsevtika institutini tamomlab kelganman, lekin Samarqandda dorixona ochishimda to‘siqlarga uchrayapman. Menga kim yordam beradi?

Shu va shunga o‘xshash qator savollarga Samarqand shahrida Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha tashkil etilgan sayyor qabulda javob berildi.

Viloyatimizda farmatsevtika sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar, dorixona, ta’minotchi kompaniya va firmalar rahbarlari ishtirok etgan sayyor qabulda urgutlik tadbirkorlardan biri Jahongir Samiyev o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Ma’lum bo‘lishicha, u bir necha yildan beri sterillangan nam salfetkalar ishlab chiqarish korxonasi tashkil etishga qaror qilgan. Biroq unga bu faoliyat turi bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmayapti. Qabulda agentlik mutaxassislari tomonidan tadbirkorning ish faoliyatini, korxonasining imkoniyatlarini o‘rganib chiqilgandan so‘ng nima uchun ruxsat berilmaganligi batafsil tushuntirib berildi.    

- Dorishunoslikka bo‘lgan qiziqishim tufayli Rossiyaning Shimoliy Kavkaz federal universitetida kimyo-farmatsevtika mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olganman, - deydi Nazar Siddiqov. – Biroq dorixona va turli tibbiy vositalar ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish, ayrim hujjatlarni nostrifikatsiya qilishda muammolar paydo bo‘lyapti. Bugun mazkur agentlik mutaxassislariga murojaat qilib savollarimga javob oldim. Mutasaddilar tadbirkorlikni tashkil etishim uchun ko‘mak beradigan bo‘ldi.

- So‘nggi yillarda yurtimizda farmatsevtika sohasi rivojlanib borayotganligi sabab shu yo‘nalishda mehnat qilayotgan tadbirkorlarimizda ham turli savollar, muammoli vaziyatlar paydo bo‘lyapti, - deydi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Akbarov. - Shu sababli barcha viloyatlar bo‘ylab sayyor qabullar tashkil etyapmiz. Viloyat hokimligi vakillari bilan hamkorlikda sohadagi muammolarni joyida o‘rganish jarayonida yechim topishga harakat qilyapmiz.

Qabulda qatnashgan 60 nafardan ziyod tadbirkor tomonidan ishlab chiqarish faoliyati va talablari, dorixonalarga litsenziya berish, xalqaro standartlarni joriy qilish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kabi 30 dan ziyod savolga javob berildi.

Dilmurod To‘xtayev.