Farzandingiz suvchechak bilan og‘risa...

– Nabiramning yuzida qandaydir toshmalar paydo bo‘ldi. Qo‘shnim ko‘rib, bu suvchechak, deya xavotirimni oshirdi. Bu kasallik haqida ma’lumot bersangizlar?

Sharofat Sobirova,
Samarqand shahri. 

– Suvchechak bilan asosan, maktabgacha yoshdagi bolalar kasallanadi. U qisqa vaqtli harorat va umumiy ahvol biroz o‘zgarishi bilan namoyon bo‘ladi. Odatda, kasallik o‘tkir isitmalash va suvchechak toshmasi toshishi bilan boshlanadi. Bola suvchechak bilan og‘riganda unga ko‘proq vitaminga boy taomlar hamda suyuqlik berish lozim. 
Kasallik asoratlari bolaning injiq bo‘lib qolishi, ko‘z xiralashishi, asab tizimidagi o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Uning yashirin davri o‘rtacha 11 kundan 23 kungacha davom etadi. Tana harorati 38-39 darajaga ko‘tarilib, bemorning tanasiga, og‘iz va ko‘z qovoqlarining shilliq pardasiga suvli pufakchalar toshadi. Pufakchalar badanga tarqaladi. Pufakchalar yorilib, o‘rnida yarachalar paydo bo‘ladi. 

Xonadonda bir bolaning suvchechakka chalinishi boshqalarga ham yuqishi bilan xavflidir. Shuning uchun bemorning xonasini alohida qilish lozim. U bog‘chaga boradigan bo‘lsa, dastlabki haftada uyda qoldirilgani ma’qul. Suvchechakka chalinishga asosan, immuniteti past bolalar moyil bo‘ladi. Kattalar ham ushbu xastalik bilan og‘rishi mumkin. Homilador ayollar ayniqsa, kasallik yuqishidan ehtiyot bo‘lishi lozim. Bemorda kasallik alomatlari sezilishi bilan darhol shifokorga murojaat qiling. 

Navbahor XUShVAQTOVA,
oliy toifali shifokor.