Farzandingizga qachon kitob olib berganingizni eslaysizmi?
Bugun aksariyatimiz mutolaa bilan bog‘liq bir xil e’tirozni gapiryapmiz - “yoshlar kitob o‘qimaydi, o‘qimayapti”. Lekin “baraka topkir, oldin farzandingga kitob olib ber”, deydigan odam kam.
Rost-da, qachon o‘zimizdan ayb qidirishni boshlaymiz? Farzandimizga bir million so‘mlik telefon olib beramizu, o‘n ming so‘mlik kitob olishga hafsala qilmaymiz. O‘g‘limiz yoki qizimizga “serial ko‘rma” deymizu, ularning oldida televizordan boshimizni ko‘tarmayapmiz.
Hatto farzandining sinf rahbari kim ekanligini bilmaymiz. Ayrimlarimiz yilda bir marta bo‘ladigan ota-onalar majlisiga borishni or bilamiz. Yana “muallimlar o‘qitmaydi”, deymiz. Nima, farzandingiz darsda ishtirok etmasa, kitob o‘qimasa, o‘qituvchi aybdormi?
Kimdir g‘o‘ddayishni qoyillatadi - “farzandim tadbirkorlik qilib, shuncha pul topayapti”. Pul topsa bo‘ldi, ma’naviyati, tarbiyasi bilan ishimiz yo‘qmi? Yoshlar orasida jinoyatlar bo‘layotgani tarbiyasizlik, bilimsizlikning oqibati emasmi?
To‘g‘ri, farzandini kitob bilan ta’minlayotganlar ham oramizda yo‘q emas. Lekin bu kabi ota-onalarning ozchilikni tashkil etishi tashvishlanarli hol.
Toshpo‘lot TO‘QBOYeV,
Payariq tumanidagi 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari.