Faxriy jurnalist ijodi, mehnati yoshlarga ibrat

Samarqand tumanida jurnalist va shoir Normurod Karimov tavalludining 70 yilligi munosabati bilan ijodiy kecha tashkil etildi.

Tuman hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat tojik va tojikzabon milliy madaniy markazi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda faxriy ijodkorning do‘stlari, yaqinlari, shogirdlari qatnashdi.

Tadbirda Samarqand tuman hokimi N.Mavlonov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i M.Ibodullayevlar faxriy jurnalistning zahmatli ijodi, fidokorona mehnati bilan hamkasblariga ibrat bo‘layotgani, Normurod Mehrangiz taxallusi bilan yozgan maqolalari, kitoblari orqali mushtariylar soni yildan yilga oshayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, ustoz jurnalistning hozirda jamiyat ijtimoiy-ma’naviy hayotida ishtirok etib, joylarda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar, bunyodkor xalqimiz mehnati, jasorati, millatlararo totuvlikni targ‘ib etishdagi, ularni matbuotda yoritishdagi faoliyati ibratli ekani e’tirof etildi.

Tadbir davomida Turon fanlar akademiyasi faxriy a’zosi Normurod Karimzoda akademik bo‘lgani e’lon qilindi va maxsus medal hamda diplom topshirildi.

Shuningdek, muallifning yaqinda chop etilgan "Oshiqiy zindagy" (“Hayot oshig‘i”) kitobi tadbir ishtirokchilariga tarqatildi.

Husan Eltoyev.