Fe’limizdagi  ziddiyatlar yoki barcha odamlarga birdek tegishli bo‘lgan g‘aroyib dalillar

Inson uchun hanuzgacha eng katta jumboq va sinoat – Koinot, ummon qa’ri yoki sirli g‘oyib bo‘lgan tamaddunlar ham emas, balki uning o‘zidir.

Biror narsani juda chuqur bilishimizni ifodalovchi antiqa iboralarimiz bor: “Besh barmoqday yaxshi bilaman”, “Yer tagida ilon qimirlasa bilaman” va hokazo. Ochig‘ini aytganda, bu gaplar bilishdan ko‘ra, insonning maqtanchoqligi va mubolag‘aga o‘chligini ifodalaydi, xolos.

Eng avvalo, o‘z-o‘zimizni yaxshi bilib olsak, qaniydi! O‘zimiz haqimizda qancha ko‘p bilsak, bilmagan narsalarimiz shunchalik ko‘p chiqaveradi. Insonning o‘z-o‘zini o‘rganish (anglash) jarayoni, dunyo turguncha, oxirzamonga qadar davom etsa, ajab emas! Olis galaktikalar, cheksiz koinotga chiqib nima ham qilardik, axir, inson miyasining tuzilishi Koinotdan ming chandon murakkab bo‘lsa!

Inson fe’l-atvorining quyida keltiriladigan ayrim qirralari haqidagi ma’lumotlar balki, ko‘nglingizga yoqmas. Balki, bu fikrlar haqiqatdan yiroq bo‘lib tuyular.

Har holda, dunyoda insondan murakkab boshqa mavjudotning o‘zi yo‘q-ku.

1. O‘zingizni taqdir erkatoyi deb biling.

So‘nggi paytlarda sayyoramizdagi atigi 1 foiz odamlar farovon, haqiqiy rohat-farog‘atda yashashadi, qabilidagi ma’lumotlar quloqqa tez-tez chalinyapti. Odatda, o‘sha 1 foizlik “taqdir erkatoylari” toifasiga milliarderlar, katta siyosatdonlar va mashhur shaxslarni kiritishadi.

Biroq, yaxshilab o‘ylab ko‘rsangiz, o‘zingizni ham o‘sha baxti kulganlar safiga qo‘shish uchun barcha asoslarni topsangiz, ajab emas. Mana, ayrim dalillar:

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining teng yarmi kuniga 2 dollar atrofidagi daromad evaziga yashaydi.

Insoniyatning uchdan bir qismi esa tirikchilik uchun kuniga 1 dollardan kamroq mablag‘ ishlatishga majbur.

“Baxtli 1%” a’zolarining o‘rtacha yillik daromadi esa yiliga eng kamida  34 ming dollarni tashkil qiladi. Bu — kuniga taxminan 93dollar demakdir.

“Boshqa yurtlarda pulning qadri baland, turmush darajasi o‘zgacha”, kabi “dalillar” bilan e’tiroz bildirsangiz-da, baribir, ichingizda “Xudoga shukr”, desangiz, ajab emas. Negaki, har holda, turmush sharoiti bo‘yicha Yer aholisining hech bo‘lmaganda, 3–5 foizlik “durust” toifasiga kirishingiz aniq. Hayotni yanada farovon etishning yo‘llari esa son-sanoqsiz. Ayniqsa, bizning jannatmonand yurtimiz sharoitida!

2. Qiyofangiz Siz o‘ylaganchalik xushro‘y emas!

Agar Sizdan tashqi qiyofangizni o‘nlik shkala asosida baholash so‘ralsa, hech bo‘lmaganda, yettidan kam bo‘lmagan raqamni tanlashingiz tayin. Ammo, olimlar fikricha, odamzot o‘z chiroyini keragidan ortiqroq baholashga moyil. Xalq tilida aytganda, “Qora qo‘ng‘iz ham o‘z bolasini “oppog‘im”, deydi”.

Shunday bir tajriba o‘tkazildi: bir guruh ko‘ngillilar fotosuratga olinib, so‘ngra bu suratlarga kompyuterdagi “fotoshop” dasturi yordamida “jilo” berildi. Suratlar bir necha nusxada bo‘lib, ulardan bittasi asl holida qoldirildi. So‘ngra qatnashchilarga ishlov berilgan suratlar orasidan asli, ya’ni o‘zgartirilmaganini topish buyurildi. Amalda barcha ko‘ngillilar “pardoz” berib, “silliqlangan” suratlarni o‘zlarining asl qiyofasi sifatida ko‘rsatdi. “Boshqalarning asl suratini toping”, degan talabga javoban esa ishlov berilmagan suratni darrov aniqlashdi.

Xulosa shuki, biz o‘zimizni amaldagidan ham ortiqroq chiroyli, deb tasavvur etamiz. (Estrada xonandalarining afishadagi yaltiroq surati bilan o‘zining haqiqiy basharasini solishtirsangiz, ba’zan “yer bilan osmoncha” farqni ko‘rish mumkin!)

“Husni Yusuf” bo‘lmasa-da, har holda, Yaratguvchi ato etgan chehra va qaddi-qomatga rozilik yoki ko‘nikish hissi – insonning tabiatida bor. Yo‘qsa, o‘z-o‘zidan ko‘ngli to‘lmagan odam xijil bo‘laverib, turli kasalliklarga chalinishi hech gap emas.

Boshqalar chiroyini baholashda esa ancha ob’yektiv (haqqoniy) yondoshamiz.

3. Siz hammadan afzalmisiz?

Atrofdagi insonlardan o‘z shaxsiyatingiz haqida hamma vaqt yaxshi baho olish – juda mushkul va deyarli imkonsiz ishdir. Qolaversa, hammaga birdek yoqishga urinishdan ham ko‘ra ahmoqona istakning o‘zi yo‘q! Kimgadir yoqasiz, kimgadir esa – yo‘q. Mabodo, birortaga yoqmasangiz, osmon uzilib, yerga tushmas. Qolaversa, o‘zingizga o‘zingiz yoqasiz-ku, shunday emasmi?

Agar qadr-qimmati toptalsa, odam ranjiydi. Nega? “Qilgan yaxshiligimni bilmadi, mendek odamning qadriga yetishmadi”, desa kerak-da. Och qolish, mashaqqat chekish, kasal bo‘lish va ayniqsa, o‘lishdan qo‘rqamiz. Nega? Axir, bu hayotda sababsiz va abadiy narsaning o‘zi yo‘q-ku.

Ba’zan, boshga tushajak mushkulot inson uchun xayrlik natija keltirishi ham mumkin. Masalan, “Biror bandasini Alloh taolo kambag‘allik yoki kasallikka giriftor qilib qo‘ygan bo‘lsa, bilingki, uni gunohlaridan poklamoqchi bo‘libdi (Daylamiy rivoyati)”, “Qaysi bir banda uch kun kasal bo‘lsa, onasidan yangi tug‘ilgan kunidek gunohlardan forig‘ bo‘ladi (Tabaroniy rivoyati)”, “Isitma gunohlarni bamisoli daraxt barglarini to‘kkanidek to‘kadi (Ibn Qone’ va Buxoriy rivoyatlari) kabi hadislar bor.

Shularga qaramasdan, mushkulotlarga toqat yo‘qligi, ayniqsa, o‘lishdan qo‘rqish – insonning o‘z-o‘ziga o‘ta yuksak baho berishining natijasi ekan. Ya’ni, inson fe’l-atvori, qilmishlari va gunoh-savoblaridan qat’iy nazar, o‘zini negadir o‘zgalardan afzalroq, deb hisoblaydi. Mos ravishda, hayotda rohat-farog‘atga boshqalarga qaraganda o‘zini ortiq haqliroq, deb hisoblaydi. Shu o‘rinda yoshlik davrimizdagi bir holat esga tushdi: ilgari qishlog‘imizda “tug‘ilgan kun” degan marosim deyarli yo‘q edi. Taxminan o‘tgan asrning 70-80-yillaridan boshlab paydo bo‘ldi. Avvaliga ayrim kelinchaklar yosh bolasining “tug‘ilgan kuni”ni o‘tkazardi, keyinroq bu odat bir-ikki kattalarga ham o‘tdi (demak, yangi odatni “boshqa yurt”lardan tushgan kelinchaklar olib kelgan). “Tug‘ilgan kun” qilaman, degan o‘rtog‘imizga: “sen buyuk allomamiding, tug‘ilgan kun qilsang? Tug‘ilgan kuningni kimga keragi bor?” deya hangoma qilganimiz esimda. Chindan ham, o‘z tug‘ilgan kunini nishonlash – o‘zini-o‘zi ulug‘lash, degani emasmi? Istaysanmi-yo‘qmi, “tug‘ilgan kuni” dasturxon sohibi haqida iltifotlar, yaxshi gaplar, tilaklar aytiladi. Boshqa paytda u o‘zi haqida bunday yuksak fikrlarni umuman eshitmasligi ham mumkin!

O‘z shaxsiyatiga baho berish borasida «Scientific American» jurnali aholining turli qatlamlari o‘rtasida qiziqarli so‘rov o‘tkazdi. Natijalar g‘aroyib: haydovchilarning 93 foizi hamma sohada o‘zlarining barchadan zo‘r (!) ekanliklarini ta’kidlashgan. O‘qituvchilarda esa, bu ko‘rsatkich 94 foizni tashkil etdi. Qolgan toifalarda ham natijalar bundan kam emas. Asosiy xulosa – insonlar o‘z-o‘zlarini yuksak baholashadi!

“Qornimga emas, qadrimga yig‘layman”, degan gap bor. To‘g‘ri, odamni qadri, muvaffaqiyatlari, rohat-farog‘ati albatta, qiziqtiradi. Aslida, odamzotni aynan “qorin g‘ami” ko‘proq qiziqtiradi! O‘ziga tegishli shu kabi  masalalardan muayyan darajada ko‘ngli to‘lsagina, so‘ngra boshqalar manfaati to‘g‘risida o‘ylashi mumkin. “Qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor?” singari iboralar bejizga o‘ylab topilmagan-ku.

Inson ruhiyatining g‘aroyib xususiyatlaridan bo‘lmish “o‘zini yuksak baholash” (to‘g‘rirog‘i, “o‘z-o‘zini aldash”) tuyg‘usi bejiz berilmagan. Negaki, o‘zi haqidagi asl haqiqatni teran anglash – ruhiyatning majruhlanishi, ya’ni chuqur depressiyaga olib kelishi mumkin. Shu bois, agar ruhiy sog‘lig‘ingizni asramoqchi bo‘lsangiz, o‘zingizni iste’dodli, dono va hammadan chiroyli, deb hisoblashda davom etavering!

Hatto, eng ashaddiy jinoyatchilar ham o‘z shaxsiyatiga juda yuqori baho beradi. Masalan, shafqatsiz, battol, muttaham, vijdonsiz... va hokazo sifatlarga ega bo‘lganlar o‘zlariga aynan teskari (“muloyim”, “andishali”, “halol”, “vijdonli”...deb) baho berishiga nima deysiz?! Bu fikrlar shunchaki nazariya emas, balki ko‘plab tajribalarda isbotlangan dalillardir.

Umri davomida ko‘plab begunoh odamlarning qonini to‘kkan ashaddiy bir jinoyatchi, o‘z kundaligiga: “Mening qalbim doimo ezgulik, mehr-shafqat va yaxshilikka to‘la edi”, deb yozgan. Bu safsatalarni bitishga hech kim uni majburlamagan, o‘limi oldidan aytgan ko‘ngil iqrori ana shunday! 

Ko‘hna maqolda aytilganidek, “Qochgan ham “Xudo”, deydi, quvgan ham – “Xudo”, deydi”...

4.Fikrlaringiz har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi...

Deyarli har bir odam, o‘zining mantiqiy va sog‘lom fikrlashiga shubha qilmaydi. Dunyoda atigi bir-ikki foiz insonlargina mustaqil, tizimli, maqsadli va sog‘lom fikrlashi, qolganlar esa fikrlashdan ko‘ra, ularga ergashishga moyilligi haqida juda ko‘plab tadqiqotlar va ma’lumotlar mavjud. Ammo, hech kim o‘zini ana shu “fikrsiz olomon” safiga qo‘shgisi kelmaydi! To‘g‘rirog‘i, o‘zining ana shundaylardan biri ekanligini hargiz tan olmaydi. Ularning fikrlari taxminan quyidagicha: “To‘g‘ri, dunyoda ahmoqlar to‘lib yotibdi. Lekin men ulardan biri emasman-ku, to‘g‘rimi?”

Agar Siz siyosiy, diniy va shu kabi masalalarda o‘z qat’iy ishonch, e’tiqod va maslagingizga ega bo‘lsangiz, bu, aqlingiz har doim tiniq va ratsional (maqsadga muvofiq, ma’qul, to‘g‘ri) ekanligini bildirmaydi. Masalan, sobiq tuzumlarda hukm surgan qancha maslaklar, aqidalar va partiyalarga “qat’iy ishongan” millionlab odamlarning e’tiqodi, o‘sha tuzumlar bilan birga botil (yolg‘on) bo‘lib chiqdi-ku. Bu bilan, ularni ayblash ham butkul noto‘g‘ri, albatta. Faqatgina, “Beayb – Parvardigor”, inson esa “Xom sut emgan banda” ekanligini eslab qo‘ysak, kifoya.

5.Abadiy yashashni istaysizmi?

Agar yuqoridagi bandlarni o‘qish davomida kayfiyatingiz buzilgan bo‘lsa, endi yaxshi ma’lumot ham bor (Boy ota, qo‘rg‘oningiz yonib, otingiz o‘lib, pichog‘ingiz singani bilan, ularni o‘rnini bosadigan yaxshi xabar bor. Xudo beraridan qismasin!). Siz – abadiy yashashingiz mumkin.

Gap, “kvant boqiyligi” haqida boryapti. Dinda-ku, bu masala allaqachon aniq-ravshan bayon etilgan. Endi, kvant fizikasi, falsafa, tibbiyot, biologiya kabi turli soha olimlari ham uzoq ilmiy izlanishlar natijasida shu fikrni tasdiqlashga harakat qilishmoqda. Sodda qilib aytganda, dunyodan o‘tgach, insondan hech bo‘lmaganda Xotira qoladi-ku! Xotira – nima o‘zi? Xotirani chopib, kuydirib yoki yerga ko‘mib bo‘lmaydi.  

Birinchidan, Borliq — cheksiz  ko‘p (parallel) dunyolardan tashkil topgan ekan, shunday bir sharoitda, inson o‘lib, butkul yo‘q bo‘lib ketishidan qanday mantiq bor? Insonning ruhi va shaxsiyati yangi (masalan, energetik) shaklga o‘tib, boshqa yondosh dunyoda yashashda davom etadi! Dinda ham, Alloh yaratgan “o‘n sakkiz ming olam” haqida qaydlar bor.

Ikkinchidan,  inson dumg‘azasida har qanday sharoitda ham yo‘q bo‘lib ketmaydigan o‘ta mustahkam va sirli zarra borligi ilmiy tadqiqotlarda aniqlangan. Bu zarra qaynatganda, bolg‘a bilan yanchib-tuyganda, hatto, yadroviy portlash markazida qolgan taqdirda ham, o‘z xususiyatini yo‘qotmas ekan. Demak, bu zarrada inson haqidagi barcha “kodlar” bejizga saqlanmaydi.

Aqlli odam uchun inson umri abadiyligi haqidagi belgi-alomatlar to‘lib-toshib yotibdi: masalan, nega o‘tgan buyuk zotlarni eslaymiz? “O‘tgan – o‘tib ketdi. Endi, faqat bugunni ko‘rish kerak”, demaymiz-ku. Shuning o‘zi ham – abadiylik emasmi?

Shunday ekan, asosiy masala – umrning har bir daqiqasidan unumli foydalanish, boqiy dunyoga rixlat qilgach, keyingi hayotni qanday “tashkil etish” masalasiga yanada jiddiyroq yondoshish kerakligi ayon bo‘ladi!

6. Qachonlardir Koinotdan kelganingizni bilasizmi?

“Bu gapni, endi juda oshirib yubordingiz”, deb e’tiroz bildirishga shoshilmang. Albatta, Siz yoki ota-onangiz o‘zga sayyoradan kelgansizlar, demoqchi emasmiz.

Gap shundaki, jonli va jonsiz butun borliq, Koinotdagi “dastlabki g‘ishtlar” bo‘lmish – atomlardan tashkil topgan. O‘tgan milliardlab yillar davomida yulduzlar, galaktikalar va sayyoralarni tashkil etgan atomlar necha-necha marta shaklan o‘zgardi, mohiyatan esa o‘sha-o‘sha. Tanangizda qancha atom borligi va har birining tarixini bilmaysiz-ku. Ichayotgan suvimiz tarkibidagi vodorod, bir paytlar Quyosh sirtida bo‘lgandir. Nafas olganda havo – qancha atomlarni ichga yutamiz? Ular qayerdan kelyapti?

Xullas,  har birimiz – Koinotdagi materiya (borliq)ning bir zarrasimiz...

7. “Mutloq baxt”ga erishib bo‘ladimi?

Oldingizga ulug‘ niyat-maqsadlarni qo‘yib, ularga erishish uchun astoydil harakat qilsangiz – yaxshi. Ammo, vaqti kelib, hamma muammolarni hal etsangiz, orzu-niyatlaringizga erishgach, mutloq baxtli bo‘laman, deya o‘ylash, kam deganda soddalik bo‘lar edi. Hech qachon unday bo‘lmaydi!

Muammolarning aksariyati moddiy ahvolingizga ham, sog‘lig‘ingizga ham mutlaqo bog‘liq emas. Ya’ni, behisob pulingiz bo‘lsa, kuch-quvvat va sog‘liqda pahlavonlardan qolishmasangiz, shular bilangina baxtli bo‘lib qolmaysiz...

Baxt, omad, hayot lazzati va undan qoniqish haqida har bir insonning o‘z o‘lchovi bo‘ladi. Odam ana shu o‘lchovlar darajasidan ortig‘ini tasavvur etishi mushkul. Shu “daraja”, qaysidir ma’noda uning uchun o‘zgarmas me’yor, namuna (etalon) bo‘lib qolaveradi. Hatto, kutilmaganda boshiga “osmondan” millionlab dollar yog‘ilsa yoki qirq yillik hijrondan so‘ng suyuklisiga erishganida ham bu tasavvur o‘zgarmaydi! Ya’ni, muayyan vaqtdan so‘ng, har qanday baxt va omadning hayajonlari so‘nadi, inson buni yuz berishi tabiiy bir holat sifatida qabul qila boshlaydi. Hammasiga ko‘nikib ketadi.

Baxt — astoydil intilishlar natijasida keluvchi mutlaq, yakuniy, tugal holat emas (bizningcha, bunday holat faqat jannatda bo‘ladi!), balki o‘ta nafis va murakkab jarayon. Uning taraqqiyoti yoki yanada “avj olishi”ni bashorat qilishning imkoni yo‘q (Baxtga “erishish”, yoki baxtni “topish” mumkin. Lekin “baxti taraqqiy etdi” yoki “baxti rivojlandi” kabi iboralar – g‘ayrioddiy). Kimdir bir burda qattiq non topishi, ko‘zi ko‘rib, havodan nafas olib turishini “baxt” desa, yana birov qo‘sha-qo‘sha mashinalari, mil-mil boyligi bo‘la turib, “baxtsiz”ligidan noligani-noligan...

Hatto, fojia va baxtsizlik haqida ham shunday fikrni aytish mumkin! Farang mutafakkiri Vovenarg iborasi bilan aytganda, “Qullikning dahshatli tomoni shundaki, hatto u, qo‘lidagi kishanga ham mehr qo‘ya boshlaydi”...

 Xulosa shuki, Inson – har qanday holatga g‘oyatda ko‘nikuvchan mavjudotdir.

8. Onda-sonda oqilona qaror qabul qilasiz...

Deyarli barcha odamlarning fikrlash hamda hayotiy faoliyatda u yoki bu tushunchalar, qoliplar va andozalarga moyilligi haqida yuqorida gapirdik. Jumladan, inson har bir ishda o‘zi istagan, o‘zi tasavvur qilgan natijani ko‘rishni istaydi.

Sodda qilib aytganda, hayot – oson va yengil deyuvchilar uchun haqiqatdan ham oson, murakkab va mashaqqatli, deb hisoblovchilar uchun esa – azob-uqubatlidir.

To‘g‘risini aytganda, “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi” komediyasida aytilganidek, “Eh Marfusha, g‘am-anduhga ne hojat!”. Hayotda hamma narsa munosabat va tasavvurga bog‘liq. Yerga qarasang – balchiq va loyni, yuksakka boqsang – charaqlagan quyosh va kenglikni ko‘rasan. Qaysi birini tanlashni o‘zingiz hal qiling.

Inson idrokining yana bir antiqa sifati: xatti-harakatingiz ko‘pincha mantiqqa emas, balki hissiyot va qo‘rquvga asoslanadi. Masalan, sariq ilon zaharli emas, beozorligini yaxshi bilamiz. Lekin uni bexosdan ko‘rganda, odam beixtiyor cho‘chib tushadi – bu o‘rinda ham aql emas, balki hissiyot va qo‘rquv tezroq “ishlaydi”. Ba’zan, arzimagan sabab tufayli, kimlar bilandir qattiq talashib-tortishasiz. Birozdan so‘ng “kalla sovugach”, mantiqan o‘ylab qaralsa, mojaroga aslo o‘rin yo‘qligi ma’lum bo‘ladi...

9. Kelajakda sizni qashshoqlik kutmayaptimi?

Bu savol birinchi banddagi fikrlarga ziddek tuyulishi mumkin. Lekin yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, hammasi joy-joyiga tushadi. Statistika ma’lumotlariga qaraganda, yoshi 60 dan oshib, pensiyaga chiqqanlarning 79 foizi o‘ta kamtarona turmush tarziga o‘tib qoladilar: ular pensiya va davlat tomonidan belgilangan ayrim imtiyozlarga muhtoj bo‘lishadi. Bu “daromad”ning katta qismi dori-darmon, eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari va kommunal to‘lovlar uchun “yuq” bo‘lib ketaveradi. Keksalik nafaqasiga chiqqanlardan kamdan-kam odamgina o‘ziga munosib qo‘shimcha daromad topa oladi.

Buyuk rus yozuvchisi F.Dostoyevskiyning: “Pul – zarb qilingan ozodlik”, degan gapida katta mantiq bor. O‘zingiz xulosa qiling: mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda, Yer yuzida yashovchi 7 milliard aholining atigi 8 foizida “qora kun”ga atalgan (bankda schyot yoki boshqa ko‘rinishda) jamg‘armasi mavjud. Qolgan barcha insonlar maoshdan-maoshgacha, “qo‘l uchida” kun kechiradilar.

Nafaqadagi keksalar haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi...

Ushbu omillar ko‘pincha, tabiiy ravishda “narigi dunyoga rixlat qilish” istagini kuchaytiradi. Bu kinoya yoki zaharxanda emas. Bir umr harakat qilib, har holda, tuzuk yashagan inson, pensiyaga chiqqach, yuqoridagidek holatga tushsa, Dostoyevskiy aytmish, pul bo‘lmagach, “ozodlik” ham cheklansa – buning nimasi hayot?! Qarabsizki, kechagina katta tantana bilan pensiyaga chiqishi (yoki yubileyi)ni nishonlagan “qariya”, vaqtni o‘tkazmasdan “chin dunyo” safariga otlanadi...

Bayt:

Ey ko‘ngul, gar Bobur ul olamni istar, qilma ayb,

Tengri uchun de, bu olamning safosi qoldimu?!  

10. Xotira — o‘z-o‘zini aldash demak.

Albatta, bu iqror ham quloqqa yoqmaydi, lekin afsuski, bu – bor gap. Real o‘tmish, aslida biz xotirlagandan ko‘ra butunlay o‘zga voqelik sanaladi. O‘tmishni asl holicha, butun tafsilotlari bilan emas, balki o‘zimiz istagan ko‘rinishda eslaymiz. Tarix kitoblarining vaziyat taqozosiga ko‘ra, qayta-qayta yozilishi sababi ham shunda.

Xotira — miyaning qaysidir burchagida chang bosib yotgan eski kassetalar yoki fotoalbom emas! Inson tirik ekan, xotiralar muttasil yemirilib, o‘zgarib va qisman qayta tiklanib boraveradi. Axir, atrofda inson xotirasiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar son-sanoqsiz.

Ochig‘ini aytganda, bunda insonning “aybi” yo‘q. Negaki, hamma narsani xuddi videokasseta tasmasidek xotirada bekamu-ko‘st saqlab qolish qobiliyati insonga berilmagan. Mutaxassislarning fikricha, biz o‘z hayotimizdagi voqealarning atigi 4-5 foizinigina eslay olamiz. Insonning iste’dodiga qarab, bu ko‘rsatkich biroz balandroq bo‘lishi mumkin.

Agar inson unituvchan bo‘lmaganida, ilk payg‘ambar – Odam Atoning o‘gitlarini “quloqqa quyib”, haq yo‘ldan og‘ishmay yashagan bo‘lardi. Vaholanki, diniy manbalarda yozilishicha, yer yuziga insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash maqsadida jami 124 ming nafar payg‘ambar yuborilgan. Mana shuning o‘ziyoq, insonning naqadar unutuvchan – “faromushxotir” ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Buni isbotlash maqsadida amerikalik olimlar uzoq davom etgan tajriba o‘tkazishdi. «Challenger» shattli (kosmik kema) halokatiga guvoh bo‘lgan odamlar guruhidan ko‘rganlari haqidagi taassurotlarni yozib berish so‘raldi.

Oradan uch yil o‘tgach, xuddi o‘sha guruh a’zolariga yana xuddi savol bilan murojaat qilindi. Natijalar juda g‘aroyib bo‘ldi: bir voqeani turli vaqtda ikki marta bayon qilingan matnlarda “yer bilan osmoncha” farq bor edi! To‘g‘rirog‘i, ma’lumotlarda deyarli birorta umumiylik ko‘rinmadi. Hatto, bir yigit, uch yil burun o‘zi yozgan matnning haqiqiyligiga shubha ham qildi...

Ajabki, xotiramiz “arxivi” o‘zidagi ma’lumotlarni vaqt o‘tgan sayin “o‘zgartirib” (tahrir qilib) yuzaga chiqarar ekan. Shoirning:

Yillar yo‘nar, yillar yuvar dilda dardni,

Rangi ketar har qandayin muhabbatni...  degan satrlarida balki, inson xotirasining “beqaror”ligi ham nazarda tutilgandir?

Baxtiyor Haydarov,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.