Fermer xo‘jaligining hujjati yo‘q. Nega?
Bu savolga viloyat adliya boshqarmasi tomonidan "Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi" shiori bilan o‘tkazilgan huquqiy aksiyada javob topildi.
Viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Olimjon Mamayusupovning bildirishicha, paxtachilik Irisqulovlar oilasi chorvachilik sohasida ishni yo‘lga qo‘yib, “Nasldor zotli mollar” fermer xo‘jaligi tashkil etgan. Yaqinda adliyachilar ushbu xo‘jalikda bo‘lib, o‘rganish olib borganida mazkur fermer xo‘jaligi rahbari nafaqaga chiqqani, ushbu xo‘jalik yurituvini esa farzandlariga topshirmoqchiligi, biroq bu borada qonunchilik talablaridan biroz bexabarligi sabab ish cho‘zilayotganligi aniqlandi.
Ta’kidlash kerakki, ayni paytda xo‘jalikda 20 bosh qoramol bo‘lib, 3 nafar ishchi mehnat qiladi. Fermer xo‘jaligining yangi rahbari Teshaboy Irisqulov kelgusida xo‘jalik faoliyatini kengaytirib, ishchi kuchini oshirish, tumanning eng ishbilarmon fermerlari qatoriga kirishni maqsad qilgan.
Buni to‘g‘ri anglagan tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari joyiga chiqqan holda T.Irisqulovga mazkur masalada huquqiy yordam ko‘rsatdi. Ya’ni, fermer xo‘jaligi sayyor tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi.