Fidoyi tarbiyachi edi

Yoshlarga tarbiya berishda samarali mehnat qilgan, o‘quv jarayonlarini tashkil qilishda jonbozlik ko‘rsatgan ustoz-murabbiylar bugun oramizda bo‘lmasa-da, jamoadoshlari, o‘quvchilari qalbidan joy olganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shunday insonlardan biri psixologiya fanlari nomzodi Zulayxo Hasanovadir.

Z.Hasanova 1969 yil 9 yanvarda Qashqadaryo  viloyatining Kitob  tumanida tavallud topdi. U dastlab tumanidagi 1-o‘rta maktabda tahsil oldi. Maktabni tugatgach, Samarqand davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirdi.

1991 yilda institutni imtiyozli diplom bilan tamomlab, 1992-2000  yillarda Samarqand davlat pedagogika institutining boshlang‘ich ta’lim uslubiyati kafedrasida katta laborant vazifasida  faoliyat ko‘rsatdi.

Tinimsiz mehnati va izlanishlari natijasida 2001-2006 yillarda Samarqand davlat universtitetining psixologiya kafedrasida o‘qituvchilik qila boshladi.

Zulayxo Hasanova ilmiy izlanishlarini davom ettirib, 2007-2012 yillarda psixologiya kafedrasida katta o‘qituvchi bo‘ldi. Professor V.Karimova rahbarligida “Kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining oila tipi (modeli) to‘g‘risidagi ijtimoiy tasavvurlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. U pedagogik faoliyati davomida 50 dan ortiq ilmiy maqolalar yozdi, yoshlarga saboq berdi, shogirdlar tayyorladi.

Turmush o‘rtog‘i Ravshan Hasanov bilan uch o‘g‘il ni ulg‘aytirdi.

Afsuski, o‘lim haq. Mohir ustoz, tajribali tarbiyachi Z.Hasanova 2017 yil 17 fevralda bevaqt olamdan o‘tdi. Garchi, olima bugun hayot bo‘lmasa-da, uning ezgu ishlari farzandlari, shogirdlari va yaqinlari qalbida abadiy yashaydi.

SamDU umumiy psixologiya kafedrasi jamoasi.