Firdavsiy maydoni ochildi

Samarqand shahri Firdavsiy ko‘chasida qomusiy olim Abulqosim Firdavsiy maydoni ochildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat faollari va Samarqand shahar jamoatchiligi vakillari Prezidentimizning tashabbusi bilan viloyatimizda keyingi yillarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

– Firdavsiy ko‘chasi va bu yerdagi tarixiy Panjob madrasasi ta’mirlanishi xalqimiz ma’naviy merosini asrab-avaylash borasidagi ishlarning yorqin ifodasi bo‘ldi, – dedi Samarqand viloyati hokimining maslahatchisi, hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari tashabbuskorlaridan biri N.Ibragimov.

– Bu yerda mavjud 24 ta xonada fors, arab va ingliz tillarini o‘qitish, milliy liboslar, kashtachilik, bichish-tikish, ipak gilami to‘qish, zargarlik, haykaltaroshlik, yog‘och o‘ymakorligi, musiqa asboblari yasashga o‘qitish va o‘rgatish, kutubxona va madrasa tarixi muzeyi, kitoblar va shu yerda ishlab chiqarilayotgan mhsulotlar savdosi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Binoda maxsus muzokaralar va uchrashuvlar o‘tkazish xonasi tashkil qilindi hamda “O‘zbekiston-Eron do‘stlik jamiyati”ning ishi faollashtirildi. Homiylar ko‘magi bilan madrasa binosiga tutash “Panjob” masjidida ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirildi.

Bundan tashqari madrasa atrofidagi ayrim bino va inshootlar boshqa joyga ko‘chirilib, ko‘rkam maydon tashkil etili va shu paytgacha madrasa hovlisida bo‘lgan Abulqosim Firdavsiy haykali ushbu maydonda o‘rnatildi.

Firdavsiy nomi bilan ataluvchi 3,2 kilometr masofadagi ko‘cha to‘liq ta’mirlanib, asfalt yotqizildi, piyodalar yo‘laklari, suv quvurlari, elektr va aloqa tarmoqlari tartibga keltirildi, tungi yoritgichlar o‘rnatildi, svetofor tarmoqlari yangilandi, yo‘l bo‘ylab gulzorlar yaratildi.

Tadbir ishtirokchilari madrasa va masjidda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi.