Foyda keltirmaydigan, ammo hokimlar boradigan qahvaxona

Samarqand shahri Abdurahmon Jomiy ko‘chasidagi mo‘’jazgina maskanda she’riyat, musiqa kechalari o‘tkaziladi. Atayin kitob o‘qishga keladi ko‘pchilik. Garchi peshtoqida “kafe” nomi bo‘lsa-da, bu yerga keluvchilarning maqsadi moddiy  ovqatlanish emas, ma’nan oziqlanish.

Ochig‘i, bunday qahvaxona ko‘p foyda keltirmasligini tadbirkor bo‘lmagan odam ham yaxshi tushunadi. Qolaversa, ushbu “Kitab-kafe”ni ochgan 29 yoshli Zebo Ismatullayeva o‘z xobbisi uchun foyda keltirmaydigan, ammo salmoqli mablag‘ tikiladigan maskanlar ochadigan darajadagi katta tadbirkor emasligini ham ko‘pchilik yaxshi biladi. Nahotki uning bunday yo‘l tutishiga faqat kitobxonlikka muhabbat sabab bo‘lgan bo‘lsa? Zebo bilan shu haqda suhbatlashdik.

- Odatda tadbirkorlar bunday yo‘l tutmaydi...

- Lekin men shunday yo‘l tutdim, chunki bu haqda anchadan beri o‘ylab yurardim.

- Zarariga bo‘lsa hammi?

- Rostdan ham bu qahvaxonadan menga foyda yo‘q, aksincha, boshqa yo‘nalishdagi daromadimdan pul sarflayman bu uchun.

- Boshqa yo‘nalishdagi ishingiz – bosmaxona, shundaymi? Aslida bir-biriga juda bog‘liq yo‘nalishlar.

- Shunday. Bular hammasi bolaligimdagi orzularim, desam ham bo‘ladi.

- Bolaligingizda kitobni shunchalik yaxshi ko‘rganmisiz yoki oilangizda noshirlik sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan insonlar bormidi?

- Sakkiz yoshimda Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asarini o‘qib tugatganman. Erta kitob o‘qishga kirishganimning boisi bor: oilamizda hamma kitob o‘qirdi. Akamning kitob mutolaasidan goh kulib, goh xafa bo‘lganlarini kuzatib, bolalarcha qiziqish bilan, kitoblarda juda qiziq voqealar bo‘ladi, deb o‘ylaganman. Olti yoshimda o‘qish, yozishni bilganim uchun uydagi kutubxonamizdan foydalanganman. Bir boshlagach, o‘zimni to‘xtatolmadim, faqat kitoblar olamiga sho‘ng‘idim. “Mehrobdan chayon”ni 8-sinfdaligimda  bir kechada o‘qib tugatdim. Onam ko‘p kitob o‘qishim ko‘zimga zararligini aytib, chiroqni o‘chirib ketardilar. Uni yoqsam, yana bilib qoladilar, deb qo‘l fonari yordamida bir kechada o‘qib tugatganman.

- O‘qigan qahramonlaringizga o‘xshashni istaganmisiz?

- Yo‘q, negadir ularning hammasidan xulosa chiqarganman, ya’ni ularni ko‘proq tahlil qilganman. Hozirgacha mingga yaqin kitob o‘qiganman.

- Tadbirkorlikni o‘shanda boshlagan ekansizda...

- Balki, odamlarni ko‘proq tushunishimga, atrofimda yaxshi odamlarning yig‘ilishida ko‘p kitob o‘qiganimning foydasi bor.

- Bosmaxonani tashkil etganingizda juda yosh edingiz, qo‘rquv bo‘lmadimi?

- Bosmaxona tashkil etishdan avval Samarqandda ochilgan “Kitob dunyosi” do‘konida ishlardim. Nafaqat kitoblarning mazmuni, ularning dizayni, muqovasiyu qog‘ozi, ko‘rinishiga ham qiziqdim, o‘rgandim. Odamlarning do‘konlarga kelib o‘tirishini kutib o‘tirmay, joylarga chiqib, ko‘chma yarmarkalar tashkil etish taklifini berdim va uni ko‘p hollarda o‘zim amalga oshirdim. Shunda bildimki, odamlar orasida asl kitoblarni o‘qiydiganlar ko‘p ekan. Buning uchun faqat bolalar emas, ota-onalarning o‘zlari ham o‘qishi kerakligini anglashi, shu qoidaga rioya qilishi kerak. Shunday savdo yarmarkalarida doim bolasiga kitob sotib olib bergan ota-onalarga ularning o‘ziga munosib kitobni tavsiya qilardim. Bolangizga kitob olib berganingiz yaxshi, lekin siz ham yonida kitob o‘qimasangiz, uning qiziqishi so‘nib qoladi, derdim. Ba’zilar to‘g‘ri, deya sotib olardi, ba’zilar endi men o‘qib nima bo‘lardim, bolam o‘qisin, deya o‘ziga jo‘ngina ta’rif berib qo‘ya qolardi. Inson qaysi yoshda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zini rivojlantirishi, kitob o‘qishi faqat o‘ziga foyda.

Keyin nashriyotda ishladim. Bu esa kitobning paydo bo‘lish jarayonini qamrab oladigan to‘liq faoliyat edi. Bu maskanda men noshirlikning barcha bosqichlarini ilg‘adim. Yutuqlari, kamchiliklarini tahlil qilardim.

- 23 yoshingizda-ya?!

- 23 yoshimda bosmaxonamni ochganman, undan ham oldin edi bu tahlillar. Garchi ota-onam moddiy jihatdan o‘zlariga to‘q bo‘lishsa-da, lekin ulardan ko‘p narsa olmaganman. Hamma narsani o‘zim topishga harakat qilardim.

- Ko‘p kitob o‘qiydiganlar real hayotdan uzilib qoladi, o‘z xayol dunyosida yuradi, degan tushuncha singib qolgan odamlarda. Sizda buning tamoman aksi ko‘rinyapti.

- Aksincha, kitoblar mening real hayotga munosabatimni shakllantirgan. E’tibor bering, bironta asar qahramoni hayotdagi topilmalariga osonlikcha erishganmi? Yo‘q, ularning hammasi ming qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazadi, bo‘sh kelmaydi. To‘g‘ri, barchasida emas, ammo aksarida shunday motiv bor. Ularni o‘qib, qanday qilib, tushkun bo‘lish mumkin, aksincha hayotga, yashashga, ijodga qiziqish yanayam ortadi-ku.

- Bugun o‘z ishini boshlamoqchi bo‘lib, ammo ikkilanib turgan yoshlarga nima deysiz?

- Bilasizmi, huzurimga bir necha marta haqiqatan ham ko‘p kitob o‘qigan, bilimli yoshlar keldi. G‘oyalarim ko‘p, ularni amalga oshirish kerak, men pul bilan ishim yo‘q, moddiyatga qiziqmayman, deydi. Men ularni ishga olmadim. Pulga qiziqmagan odam afsuski, g‘oyalarini amalga oshira olmaydi. Bilimi bor odam ham o‘z bilimining bahosini, qadrini bilishi kerak. Bilimini sotayotganda, bilimni berish emas, balki shunga munosib rag‘batni ola bilish juda muhim. Shundagina rivojlanish bo‘ladi, bilimni tekin sotib olib, uni xor qilib yurish bo‘lmaydi. Puling qancha ko‘p bo‘lsa, g‘oyalaring ko‘lami ham shuncha ko‘p bo‘ladi va ularning nechog‘ligini anglab ish ko‘rasan, chunki unga pul tikasan.

Aytmoqchimanki, o‘z ishini boshlamoqchi bo‘lganlar avval o‘sha sohani mukammal egallagan bo‘lsin. Yoki puli bo‘lsin va g‘oyalari bor yoshlar bilan ishlasin. Va eng muhimi, ko‘p kitob o‘qish kerak, juda ko‘p. Kitob faqat odamlar bilan muomala munosabatda emas, balki qiyinchilik paytlari undan chiqib ketishda ham yo‘l ko‘rsatadi.

Shuning uchun faoliyatim davomida zig‘ircha imkon bo‘lsa, kitob targ‘ibotini amalga oshirishni mo‘ljallaymiz. Qator loyihalarni boshlab qo‘ydik. Xususan, maktab va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘quvchi yoshlarni kitobga qiziqtirish maqsadida o‘nta, ellikta, yuzta kitob o‘qigan o‘quvchilarni rag‘batlantirish uslubini ishlab chiqdik. Bu kabi loyihalarimiz ko‘p, barchasi kitob va kitob targ‘iboti bilan bog‘liq.

- Eshitishimizcha, “Kitab-kafe”ga samarqandlik bir qator tashkilot rahbarlari ham muntazam kelib turishar ekan-a.

- To‘g‘ri, rahbarlar, qator shahar va tumanlar hokimlari, ba’zilari farzandlari bilan kelib, kitob o‘qishadi. Qahvalardan bahramand bo‘lishadi. O‘ziga xos kitoblar muhitida bo‘lishadi. Aytishim kerakki, qahvaxonamizda o‘nlab mualliflik qahva turlari mavjud, bunga qiziquvchilar bor. Bilasiz, butun dunyoda qahva ichib, gazeta, kitob o‘qish o‘ziga xos bir an’anaga aylanib qolgan. Biz ham bu uzviylikdan foydalangan holda kitob o‘qish mazasini qahva ta’miga qo‘shib berishni niyat qilganmiz.

Shu mo‘’jazgina maskanimizga xorijlik sayyohlar ham ko‘p tashrif buyurishadi. Talablariga qarab, shunday sayyohlarga she’riyat, musiqa kechalari tashkil etib berganmiz. Hozirgacha ular ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi bunday muhitdan mamnun bo‘lganlarini aytib, fikr bildirib turadi.

- Ehtimol, qahvaxonaning doimiy amaldor mijozlari homiylik qilishar, axir qandaydir daromad bo‘lishi kerak-ku.

- Yo‘q, homiylik qilishmaydi. Mayli, qo‘ymadingiz-da: siz qiziqqan “sir”ni ayta qolaman. To‘g‘ri, bu qahvaxona foyda keltirmaydi.  Ammo “Kitab-kafe”ga tabiiyki, kitobxonlar keladi. Ular orasida ijod qiladiganlar ko‘p bo‘ladi va o‘z asarlarini nashr etishni istaydi. Shu yerda bizning nashriyotimiz foyda ko‘rishi mumkin. Ya’ni, bu qahvaxonamiz qaysidir ma’noda reklama vazifasini o‘taydi.

- Qoyil! Kitob o‘qishni targ‘ib etishday katta ishlaringizda mudom omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!

- Sizga ham mazmunli hamsuhbatlik uchun tashakkur!

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.