Botga murojaat: “Toza hudud” egasiz qolib ketdimi yoki e’tiborsiz?

Toyloq tumani Yangi Hayot mahallasida yashayman. Yaxshi niyatlar bilan tashkil etilgan “Toza hudud” o‘z faoliyatini boshlaganida “Yaxshi bo‘ldi, endi chiqindi uyumlaridan qutularkanmiz”, degandik. Sababi, biz yashaydigan qishloq joylarida chiqindi tashish tizimi yo‘q edi. Odamlar asosan biror kattaroq o‘raga chiqindilarni tashlab yuborishar va uning atrofida badbo‘y hid anqirdi.

Afsuski, xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Chiqindi mashinalari qishda deyarli kelmay qo‘ygan bo‘lsa (yoqilg‘i muammosi), hozirgi yoz oylarida aynan qachon kelishini bilmaymiz, tartib, reja, grafikning o‘zi yo‘q, bo‘lsa ham amal qilinmaydi.

Bunisi mayli, sohada endi asossiz qarzdorlik, qo‘shib yozishlar ham urchiy boshladi. Biz oilamizda 5 kishi yashaymiz, ammo “Toza hudud”da 7 kishi deb ko‘rsatilgan va shu asosda to‘lov undirish ko‘zda tutilgan. So‘rasangiz “tushunmovchilik” deyishadi-yu, yarim yildan buyon tashkilotda hech kim buni o‘zgartirishni istamaydi. Qiziq, bizga o‘xshab “ko‘payib” ketgan oilalar tumanda, viloyatda nechta bo‘lsa?..

Xullas, bu tashkilotni tartibga oladigan mard kerak.  

S.Hafizov,

Toyloq tumani.