Jurnalistik “mahsulot”ning jamiyatga ta’siri bor

Samarqand davlat chet tillar institutida xalqaro jurnalistika yo‘nalishi talabalari va jurnalistlar bilan davra suhbati tashkil etildi
Tadbirda tajribaga ega, mahoratli jurnalistlar o‘z faoliyatini hayotiy misollar orqali talabalarga gapirib berishdi.
- Jurnalistika fakultetini bitirgan talabalarning barchasi muxbir bo‘lolmasligi mumkin, - dedi viloyat teleradiokompaniyasi muxbiri Zilola Pirnazarova. - Hayotda boshqa soha kishilari ichidan ham yetuk jurnalistlar chiqqan va ular bugun biz bilan yonma-yon mehnat qilmoqda. Muhimi, bu kasbni astoydil sevish, fidoyilik kerak.
- Bugun jurnalistlar nafaqat davlat va xalq o‘rtasida, balki davlatlarni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini ham bajaryapti, - dedi viloyat "Zarafshon" gazetasi mas’ul kotibi Abdug‘ofur Sherxolov. - Axborot asrida yashayotganimiz jurnalistlarning mas’uliyatini, odamlarning axborotga bo‘lgan talabini oshirmoqda. Ishonchli va sifatli axborotni topish, uni ommaga yetkazish jurnalistdan katta medisavodxonlik talab etadi. Chunki bugun tarqatilgan birgina yolg‘on axborot ertaga ko‘ngilsizlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Davra suhbati davomida jurnalistlar tahliliy maqola tayyorlash va uni xalqqa yetkazish, televideniye hamda radio faoliyati haqida ma’lumotlar berishdi. Bo‘lg‘usi jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Xurshida ERNAZAROVA.