Ta’minotdagi muammoni bugun hal etish kerak, qishda kech bo‘ladi

20 iyun kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Kengashdagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Sh.Yo‘ldoshev boshqardi.

Dastlab viloyatning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida elektr ta’minoti tizimini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali rahbari o‘rinbosari R.Olimov hisobot berdi.

Ta’kidlanishicha, Prezidentimizning 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, joriy yilda 463,5 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 110 kV kuchlanishli 66,2 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 7 dona podstansiya, 35 kV kuchlanishli 10,0 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 5 dona podstansiya hamda 73,1 kilometr 0,4-10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari yangidan qurilishi va rekonstruksiya qilinishi ko‘zda tutilgan. Qo‘shrabot tumani Urganji mahallasida 110/10 kV.li nimstansiya hamda Bulung‘ur tumani G‘o‘bdin massivida 110/10 kV.li nimstansiya quriladi.

Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturiga asosan, viloyatning 88 mahallasida 495,5 kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 233 ta transformator punktini yangilash va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 66 ta ob’yektda ishlar olib borilmoqda.
Tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga muvofiq, 328 ta mahallada 382,5 kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 115 ta transformator punktlarini yangilash ham belgilangan edi. Bugunga kelib, 981 dona temir beton ustun o‘rnatilib, 52,3 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 5 ta transformator punktlari modernizatsiya qilindi.
Yuqori kuchlanishdagi podstansiyalarda ijobiy ishlar amalga oshirilishiga qaramasdan, past kuchlanishdagi transformatorlar va elektr uzatish tarmoqlarimizda muammolar yuzaga kelyapti. Buning oqibatida ayrim hududlarda kerakli kuchlanishda elektr bilan ta’minlanmaslik holatlari mavjud.

Viloyatdagi 14 mingdan ziyod transformatorlarning 5263 tasi, yuqori kuchlanishli 33 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlarining qariyb 16 ming kilometri 40 yildirki ekspluatatsiya qilinmagan va texnik jihatdan eskirgan.

Mavjud tayanch ustunlarning 15 foizi ta’mirtalab holatga kelgan bo‘lsa, viloyat bo‘yicha 3 ming kilometrdan ortiq qo‘lbola elektr tarmoqlari ham mavjud. Ayniqsa, Ishtixon, Urgut, Past Darg‘om, Nurobod va Qo‘shrabot tumanlarida aholi qo‘lbola elektr uzatish tarmoqlaridan foydalanib kelmoqda. Ushbu tarmoqlar me’yorida elektr yetkazib berish imkonini cheklamoqda.
Deputatlar mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha dasturlar, loyihalar ishlab chiqishda mahalliy kengashlar deputatlarining fikrini, doimiy komissiyalarning takliflari va e’tirozlarini ham inobatga olish, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan doimiy ravishda hisobot taqdim qilib borish zarurligini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng deputatlar hududlarda qattiq maishiy chiqindilarni chiqindi poligonlariga qabul qilish va saqlash xizmatlari uchun yagona tariflarni belgilash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar. Qattiq maishiy chiqindilarni chiqindi poligonlariga qabul qilish yoki saqlash xizmatlarigina emas, balki chiqindini qayta ishlash, aholidan yig‘iladigan chiqindilarni sotib olish, odamlarning chiqindini saralash madaniyatini yuksaltirish borasida takliflar bildirildi.

Sessiyada “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, tegishli komissiyaning xulosasiga asoslanib viloyatimizda istiqomat qiluvchi 164 nafar fuqaroning mulk huquqi qonuniy tartibda e’tirof etildi. Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish, mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish va boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.