Pedagoglar uchun uzluksiz malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi

Samarqand viloyati pedagogik mahorat markazida maktabgacha va maktab talimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2025 yildan boshlab 100 soatlik o‘quv dasturlari asosida besh yilda kamida bir marta hamda Kasbiy rivojlanish kuni, Metodik mahorat kuni tadbirlari asosida pedagog xodimlarning metodik kunlarida uzluksizlikni ta’minlashga qaratilgan malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda viloyat Matbuot uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Malaka oshirish kurslarining o‘quv reja va dasturlari zamonaviy ta’lim andozalari asosida Britaniya Kengashi hamda Nayl universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan hamda dars jarayonlariga markazning ilg‘or tajribaga ega professor-o‘qituvchilari jalb etilgan, - dedi viloyat pedagogik mahorat markazi direktori v/b Sarvar Murodov. - Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va kasbiy mahoratini oshirish uchun bir qator metodik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Kasbiy rivojlanish kuni tadbirlarini tizimli tashkil qilish maqsadida har bir yo‘nalishda 45 tadan tayanch maktab va 48 nafardan mentor o‘qituvchilar belgilangan. Mentor o‘qituvchilarni ilmiy-metodik qo‘llab-quvvatlash hamda jarayonga doir o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlash Singapurning “Marshall Savendish Edusation” xalqaro tashkiloti ta’lim maslahatchilari, A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti, viloyat pedagogik mahorat markazi professor-o‘qituvchi, metodistlari hamda har bir fan yo‘nalishidagi master-trenerlar bilan amalga oshirilmoqda.
Kasbiy rivojlanish soati tadbirlarini tashkil etish uchun tegishli fan yo‘nalishlari kesimida maktablardagi tajribali o‘qituvchilardan 5020 nafari saralab olgan va ularga yetakchi o‘qituvchi sifatida tizimli metodik yordam ko‘rsatilmoqda. Tadbirlar davomida viloyat umumta’lim maktablarida matematika, informatika, fizika, biologiya, kimyo, geografiya, boshlang‘ich ta’lim va xorijiy til fanlaridan dars berayotgan 26043 nafar o‘qituvchiga yetakchi o‘qituvchilar tomonidan zamonaviy o‘qitish metodikalari yetkazilgan.
“Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlari oyning birinchi va uchinchi haftasida 3 soatdan 36 soat, “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari oyning ikkinchi va to‘rtinchi haftasida 3 soatdan 36 soat, jami 72 soatlik o‘quv dasturlari asosida tashkil etilyapti.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarning kasbiy rivojlanishi uzluksizligini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning kasbiy bilim, ko‘nikma va mahoratini muntazam oshirib borish va ta’lim-tarbiya jarayonini yaxshilash maqsadida joriy yil fevral oyidan boshlab “Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati”ni o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun 34 ta tayanch maktabgacha ta’lim muassasasi belgilanib, 2 nafar master-trener va 34 nafar mentor-trenerlar tayyorlangan. Ular orqali metodik mahorat tadbirlariga 764 nafar yetakchi-tarbiyachilar va 10838 nafar tarbiyachilar qamrab olingan.