Fozil Yo‘ldosh uy-muzeyi o‘rnida yangi majmua qurilmoqda

Bu yil o‘zbek xalq shoiri, Bulung‘ur dostonchilik maktabining yirik vakili Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li tavalludining 150 yilligini nishonlaymiz. Shu munosabat bilan baxshi tug‘ilib o‘sgan tumanda uning faoliyati va ijodini yoritish, adabiy merosini ommalashtirishga qaratilgan ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Biz Bulung‘urda bo‘lib, jarayon bilan tanishdik. Birinchi manzil elimiz suygan baxshi nomi bilan ataluvchi mahalladagi uy-muzey bo‘ldi. Aytish kerakki, xalq deputatlari viloyat Kengashining joriy yil 18 martdagi qarori asosida tumandagi Fozil Yo‘ldosh nomi bilan bog‘liq ob’yektlarda qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun viloyat byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 4,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ayni mablag‘ning 3,3 million so‘mi mazkur uy-muzey o‘rnida yangi, zamonaviy muzey qurish hamda unga tutash hududni xiyobonga aylantirish ishlariga yo‘naltirildi.
— Iyun oyida boshlangan qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetay deb qoldi, - deydi pudratchi tashkilot ish yurituvchisi Sirojiddin Xolmo‘minov. – Bu vaqt ichida uy-muzey o‘rniga zamonaviy majmua qurildi, uning yonida joylashgan 2-son madaniyat uyi binosi to‘liq qayta ta’mirlandi. Shuningdek, bino atrofidagi 1 gektarga yaqin maydon obodonlashtirilib, aholining hordiq chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.
— Eski uy-muzeyida madaniy tadbir o‘tkazish uyoqda tursin, eksponatlarni joylashtirishga ham joy torlik qilar edi, - deydi Fozil Yo‘ldosh uy-muzeyi rahbari Nodir Rahimov. – Yangi bino katta kirish zali va 3 ta bir-biriga tutash xonadan iborat. Bu xonalarda Samarqand baxshichilik maktabi, xususan, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li hayoti va ijodiga oid eksponatlar, tumanimizning folklor guruhlari faoliyati, erishgan yutuqlari ko‘rgazmasini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu joy endi tumandoshlarimiz uchun tariximizni o‘rganish va madaniy dam olish maskani bo‘ldi.
Muzey hovlisida Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining byusti joylashtirilgan. Milliy ruhda bezatilgan favvora, keng va ko‘rkam xiyobon majmua ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi.
Bulung‘ur tumani markazidagi xiyobonda Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining salobatli haykali qad rostlab turibdi. O‘tgan vaqt bu yerda ham katta obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xususan, baxshining haykali ortidagi inshoot barelef janridagi ijod namunasi bilan bezatildi. Unda mahoratli rassom Said Ibragimov tomonidan Alpomish dostonining asosiy qahramonlari aks ettirilgan.
Tadbir oldidan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li qo‘nim topgan “G‘ishtli ota” qabristoni ham obodonlashtirildi. Bu yerda xalq baxshisining qabrini ziyorat qilish uchun keladigan kishilarga zarur sharoitlar yaratilgan.