“Samarqandtumangaz” xodimlari fuqarolarning salkam 253 million so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand tumani bo‘limi xodimlari tomonidan “Samarqandtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida “Samarqandtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining moddiy javobgar shaxslari iste’molchilarga 32 830 dona maishiy gaz ballonlarni yetkazib berish va ularni o‘rnatib berish xizmatini ko‘rsatmagani aniqlangan.
Bundan tashqari, har bir gaz balloni uchun 3 000 so‘mdan xizmat haqi qo‘shib yozganliklari hamda har bir suyultirilgan gaz balloni uchun belgilangan 22,4 ming so‘m o‘rniga 26 ming so‘mgacha ortiqcha undirib, fuqarolarning jami 252,9 million so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.