Fuqarolarni Meksika orqali AQShga yuborish bilan shug‘ullangan yana bir shaxs qo‘lga olindi

22 yoshli fuqaro viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilib, Samarqand shahrida yashovchi shaxs firibgarlik yo‘li bilan noqonuniy tarzda AQShga jo‘natish ishlari bilan shug‘ullanib kelayotganini ma’lum qilgan.

U avvaliga Yevropa davlatlari orqali Meksikaga, u yerdan esa AQSh hududiga olib o‘tish uchun 30 ming AQSh dollari, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun esa oldindan 10 ming AQSh dollari talab qilgan.

Samarqand viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmati jinoyat-qidiruv boshqarmasi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Samarqand shahar Ali Qushchi ko‘chasida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida ushbu shaxs arizachidan 10 ming dollar olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.