60 dan ortiq moddaga 200 dan ko‘proq tuzatishlar kiritish nazarda tutilgan: Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokama qilindi

Samarqand shahrida “Mening Konstitutsiyam” mavzusida tashkil etilgan ushbu tadbirda shu yilning 25 iyunidan muhokama uchun qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasida Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratildi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, SamDU professori F.Nabiyev, O‘zNNTMA viloyat bo‘linmasi rahbari F.Rahmatov konstitutsiyaviy islohotlar, Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan fikr-mulohaza bildirdi.

- Loyihada Konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddasiga 200 dan ko‘proq tuzatishlar kiritish nazarda tutilgan, - dedi F.Toshev. -  Bu o‘zgartishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi. Masalan, Konstitutsiyaning 24-moddasida O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanishi belgilanmoqda. Negaki, insonning qadr-qimmati, avvalo, uning tabiiy yashash huquqida namoyon bo‘ladi. Bu – eng ulug‘ va muqaddas qadriyatlarimizdan sanaladi. Vaholanki, demokratik va insonparvar g‘oyalarni oliy qadriyat darajasiga ko‘targan dunyodagi aksariyat davlatlarda o‘lim jazosi bekor qilingan. Chunki yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi. Unga bu huquqni davlat emas, Alloh ato etgan.

Tadbir yakunida viloyatdagi barcha fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirildi.