G‘aroyib dunyo: O‘zini odam hisoblamaydigan xalqlar
Ajablanarlisi, yer yuzida haqiqatan ham insoniyatga mansubligini inkor etib, yerga yulduzlardan kelib tushganiga ishonadigan xalqlar borligi xaqiqatdir. Qolaversa, bu xalqlardan biri hali insoniyat bo‘lmaganida dunyoga kelganligiga da’vo qiladi.
Bu juda kam sonli xalqlarning yaqin kelajakda yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketishi ehtimoldan xoli emas. Lekin ularning kelib chiqishi haqidagi afsonalar kishini hayratlantirmasdan qolmaydi.
Takabburlik va maxfiylik
Keniya, Efiopiya va Sudan chegaralari tutashgan olis tog‘li mintaqada kichik Surma qabilasi yashaydi. U yerga borish juda qiyin va Surma boshqalar bilan aloqa qilmaydi, ularga duch kelgan kishi esa ularning takabburligi, maxfiyligi va muloqot qilishni istamasligi haqida gapiradi.
Yaqinda Islandiya geografik Jamiyatining ekspeditsiyasi nafaqat u yerga borishga, balki yarim yil davomida Surma xalqi orasida yashab, tadqiqot olib borishga muvaffaq bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odamlar o‘zlarini yerlik deb hisoblamaydi va ular osmondan uchib kelgan ob’yekt qulab, o‘z vatanlari bilan aloqa uzilganligi haqida da’vo qilishadi. Aytish kerakki, surma o‘zi haqida gapirishni umuman yoqtirmaydi. Hatto ularni ishonchiga kirib olgan islandiyalik tadqiqotchilar ham ko‘p narsalarni ular og‘zidan sug‘urib olishga majbur bo‘lishdi.
Aytgancha, ularning “yerdagilarni” o‘zlaridan past deb bilishi va muloqot qilishni istamasligini takabburlikdan boshqa nima deb aytsa bo‘ladi? Yanayam qizig‘i, Islandiyalik tadqiqotchilar nafaqat ularga ishonishdi, balki ular boshqa sayyoradan kelib chiqqanligi haqidagi dalillar topilganligi haqida ta’kidlashdi.
Bu haqiqatmi yoki yo‘qmi ma’lum emas. O‘z o‘rnida Surma hatto tashqi ko‘rinishda ham odamlarga o‘xshamaslik uchun har xil hiyla-nayrang ishlatib keladi.
Titikaka ko‘lidagi “odammas”lar
Titikaka ko‘lidagi baland tog‘lardagi ko‘lda, uning atrofida emas, balki ko‘lning o‘rtasida yashovchi Uru xalqi o‘zini odam emasligi, Yer va insoniyat u yoqda tursin, hatto quyoshdan ham oldin paydo bo‘lganiga qat’iy da’vo qiladi.
Uru ilgari ular butunlay boshqacha qiyofaga ega bo‘lib, odamlarga o‘xshamaganligi va hatto ularning qoni qora rangda ekanligini ta’kidlaydi. Oldingi ko‘rinishi haqida gap ketganda, ular juda qadimiy va juda jumboqli Tiauanako shahrining barelefida aynan ular tasvirlanganligini aytishadi.
“Biz juda qadimiymiz... Eng qadimiymiz. Biz “mushuk-quyosh” ko‘li aholisimiz. Biz odam emasmiz!”, dedi ular ko‘p yillar davomida ularni o‘rganib kelgan etnograf Jan Velarga.
Aytish kerakki, ularning turmush tarzi ham juda o‘ziga xos, sovuqqa chidamliligi esa g‘ayritabiiy ravishda rivojlangan. Uru gapiradigan til dunyodagi boshqa bir til bilan bog‘liqligi aniqlanmadi. Shunga qaramasdan hech qanday genetik tadqiqot o‘tkazilmagan... yoki nashr etilmagan.
Shu sababli hozircha bularning barchasi sof mifologiyaligicha va savollar ochiqligicha qolmoqda.
Ajablanarlisi, odatda ko‘pincha qabilalar va xalqlar o‘zini odam deb biladi va hatto o‘zini “haqiqiy odamlar” deb hisoblaydi. Lekin bunaqasi... O‘zlarini odamlardan ajratib turib, qunt bilan insoniyat bilan bog‘lashga intilmaydigan ana shunaqa qabilalar ham bor ekan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.