Gavhar Alimova targ‘ibot tadbirini o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloqdan boshladi

Viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova bir guruh faollar bilan Jomboy tumani, Ko‘kgumbaz mahallasi ahli bilan uchrashib, ular bilan dildan suhbat o‘tkazdi, odamlarning muammolarini eshitdi.

Mustaqilligimizning 28 yilligi oldidan xotin-qizlar o‘rtasida ma’naviy ma’rifiy targ‘ibot ishlarini olib borish uchun o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu targ‘ibot guruhining maqsad, vazifalari haqida tushuncha berildi.


- Viloyatdagi bir nechta mahallalarda bo‘lganimda, shu jumladan ushbu qishloqda ham, biror marta ma’rifiy anjumanlar o‘tkazilmaganligini eshitdim, - deydi G.Alimova. - Endi u yoki bu anjumanlarni tuman markazida emas, mahallalar, qishloqlarning o‘zida o‘tkazish, aholini qiziqtirish kerak. Namunali beka, namunali oila, chevar kelin, pazanda qiz, qirq hunarga ega yigit kabi tanlovlar, ma’naviy anjumanlar mahallada o‘tkazilsa odamlar qiziqadi, albatta. Qolaversa, qishloqdagi to‘y-ma’rakalarni boshqarish, bir-birini qo‘llab quvvatlash, hashar kabi azaliy qadriyatlarimizga darz yetmoqda. Ularni tiklash, yoshlarga o‘rgatish kerak. Shu maqsadda har bir qishloqda kayvoni onalar hamda ularning yordamchilarini saylaymiz. Ular mahalla mutaxassislarining eng yaqin yordamchilari bo‘ladi. Qishloq ayollariga ham madaniy hordiq tashkil etish lozim. Yaqinda eng chekka hududlardan xotin-qizlarni teatrga, konsert dasturlariga bepul olib borishni tashkil qilamiz. Bu doimiy tarzda bo‘ladi.


Mahalladagi Xo‘jaqishloq ahli kayvoni va yoshlardan yordamchisini saylab olishdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova yig‘ilganlarga Vatan, ona, ayol mavzularida o‘z she’rlaridan o‘qib berdi.

Gulruh Mo‘minova.