Gaz ballon yo‘qligiga chidab kelayotgandim, ammo imzoni soxtalashtirishgani o‘tib ketdi

Murojaatlarni Nurobodcha ko‘rib chiqish uslubi

Gap Nurobod tumani Chortut mahallasida yashovchi Jo‘rabek To‘raqulov bilan bo‘lgan voqea haqida bormoqda. U tahririyatimizga murojaat bilan keldi.

Murojaatni tinglarkanmiz, davlatimiz rahbarining bir gaplari yodga tushdi: “Xalqimiz hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi”.

J.To‘raqulovning ta’kidlashicha, hamma mashmashaga u joriy yilning 3 avgustida mahallasiga suyultirilgan gaz yetkazilmayotgani xususida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga qilgan murojaati sabab bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, murojaat 7 avgust kuni fuqaro Jo‘rabek To‘raqulov nomidan “Hududgaz Samarqand” ta’minoti filiali direktori nomiga soxta tushuntirish xati tayyorlanib, yopib yuborilgan. U bu haqda "Nurobodtumangaz" ta’minoti bo‘limi tomonidan pochta orqali kelgan javob xatidan bilgan.

“Xatda go‘yoki menga suyultirilgan gaz yetkazib berilganligi va men murojaatim natijasidan qoniqqanligim bildirilgan. Vaholanki, bizga ikki yarim oydan buyon gaz ballon yetkazilgani yo‘q. Bunga chidab kelyapmiz. Ammo bizga qilgan munosabati yetmaganday, yuqori tashkilotlarning ham ko‘zni shamg‘alat qilishayotganiga chidolmadim.

Axir Prezidentga qilingan murojaatni ham soxta tushuntirish xati bilan yopib yuborish mumkinmi?!”.

Ana xolos, endi gazchilar bu yo‘lga o‘tganiga nima deysiz?! Holatga baho bermoqchi emasmiz, ammo bir o‘y tinchlik bermaydi, davlatimiz rahbari aytganidek, “asosiy maqsad - xalqimizni rozi qilish” ekanligini gaz idorasidagilar nahotki tushunib yetmayotgan bo‘lsa?

Murojaatchi holat huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tegishli tartibda o‘rganib chiqilishini so‘ramoqda. O‘ylaymizki, viloyatdagi mas’ullar buni nazoratga olib, o‘rganish natijalari bo‘yicha keng jamoatchilikka ma’lum qiladi.