Gender tenglikni ta’minlash ijtimoiy adolatning asosi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 23 sentyabr Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida nutq so‘zladi. Tadbir tashkilot tarixida ilk bor videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tdi. Bunga jahonda vujudga kelgan epidemiologik vaziyat sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti ushbu chiqishining tarixiy ahamiyati shundan iboratki, BMT tarixida ilk marotaba mustaqil O‘zbekiston rahbari o‘zbek tilida nutq so‘zladi.

Shavkat Mirziyoyev chiqishi davomida xalqaro hamjamiyat e’tiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini taqdim etdi. Xususan, O‘zbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib berdi. Yo‘nalishlar orasida gender masalasi alohida ahamiyat kasb etdi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida “Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paydi”, deb mamlakatimizda xotin-qizlar siyosati bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni nazarda tutdi. Haqiqatan ham mamlakatimizda xotin-qizlarning o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Xotin-qizlarning erkaklar bilan bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lishining, onalik va bolalik bilan bog‘liq davlat siyosati yuritilayotgani, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi mavqeini kuchaytirish, siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish bilan bog‘liq olib borilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq.

Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning ta’sirchan institutsional tizimi bu vakillik hokimiyatidir. Vakillik hokimiyatining barcha darajadagi deputatlari vazifasi iqtisodiy o‘sishni inson taraqqiyoti bilan bog‘lash, ularning uzviyligini ta’minlashdan iborat. Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarning parlamentdagi a’zoligi keyingi yillarda 2 barobarga ortgani xalqaro minbardan ta’kidlangani ham bejizga emas.

Bugungi kunda mamalakatimizda gender tenglik bo‘yicha institutsional asoslar ham kengaytirilmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tarkibida ayollar huquqlarini ta’minlash va kamsitishning har qanday shakliga barham berish bo‘yicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish bilan shug‘ullanuvchi yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil qilindi.

Haqiqatan ham mamlakatimizning 49 foizini xotin-qizlar, ularning qariyb 64 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar tashkil etar ekan, albatta bu yo‘nalishda alohida davlat siyosati olib borishga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilash, oila institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish, shuningdek, ayollar huquqiy madaniyatini oshirish kabi yo‘nalishlarda qator amaliy ishlar olib borildi. Ayniqsa, gender tenglikka erishish maqsadida qabul qilingan qonunlar sohada mavjud ayrim muammolarning yechimini ta’minlashda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunida ayollarni jinsi bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishning taqiqlanishiga alohida urg‘u berilgan. Mazkur qonun davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqildi. Ushbu qonunning maqsadi xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalarida hamda boshqa joylarda tazyiqlar va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan. Ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish, shuningdek, tazyiqlar va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni huquqiy hamda ijtimoiy himoya qilish kafolatlarini ta’minlash ham qonunning muhim maqsadlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunida oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish, ularga boshpanalar ajratish, ishonch telefonlari va nafaqat jismoniy zo‘ravonlik, balki psixologik yoki iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha majburiy javobgarlikka tortish orqali ayollarni himoya qilish uchun asosdir.

Qonun normalarini amalda ta’minlash maqsadida 2019 yilda 197 ta Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tashkil etildi. Bundan tashqari, mehnatga oid huquqlarning kafolatlari va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uydagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi va Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 1454 nafar xotin-qizning uy-joy uchun boshlang‘ich badali Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan to‘lab berildi hamda ushbu maqsadlarga 25 milliard 194 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, bunday toifadagi 13 mingdan ziyod ayollarning ishga joylashtirilishi ta’minlandi. Bandlik dasturiga muvofiq 250 mingdan ortiq xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. Siyosiy va huquqiy bilimli, innovatsion g‘oyalarga va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan xotin-qizlardan iborat 6 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirildi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda gender tenglikka erishishda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada kuchaytirish, shu orqali oilani mustahkamlash, yuqori intellektual darajadagi yosh avlodni voyaga yetkazish, jamiyat barqarorligini ta’minlashning garovi hisoblanadi.

Gulnora XUDOYBERDIYeVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.