Germaniyada o‘zbek fuqarosi balandlikdan qulab tushib, halok bo‘lgan
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ma’lumot berishicha, 2019 yilning 31 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarosi N.X. konsullik bo‘limiga murojaat qilib, jiyani R.X.ning baxtsiz voqea oqibatida halok bo‘lganini xabar bergan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z telegram kanalida ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, 2019 yilning oktyabr oyidan boshlab R.X. Germaniyadagi PRAXX jamiyatining malaka oshirish dasturi doirasida Kil shahri yaqinidagi fermer xo‘jaliklaridan birida shartnoma asosida amaliyot o‘tayotgan edi. 27 dekabr kuni u balandlikdan qulab tushib, halok bo‘lgan. Tekshiruv o‘tkazgan mahalliy politsiya baxtsiz hodisa yuz berganini tasdiqlagan.
Elchixonaning konsullik bo‘limi qarindoshlar va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan birgalikda O‘zbekiston fuqarosining jasadini vatanga jo‘natishga oid konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etgan va Germaniya (Berlin, Brandenburg, Bremen, Quyi Saksoniya, Gamburg, Meklenburg-Old Pomeraniya, Saksoniya, Saksoniya-Anhalt, Shlezvig-Holshtayn, Turingiya), Shvetsiya, Shveysariya va Chexiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatning Berlin shahridagi elchixonasiga +49-30-39-40-98-55, +49-30-39-40-98-30 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatgan.