Globallashuv davrida jamiyatda shaxsning yiriklashishi emas, maydalashishi kuchaymoqda
Komillik erishgan va erishayotgan shaxs ko‘p narsaga qodir, u buyuk islohotchi, o‘zgartiruvchi, hatto davrni ortidan ergashtiruvchi. Darhaqiqat, millatni ma’rifatli, ongli, kuchli taraflarini yuksaltirish sari juda sekin qadam tashlanmoqda. O‘ttiz yil ichida ta’lim tizimimiz necha marta isloh bo‘ldi.
Ko‘plab kollejlar qurilgan bo‘lsada, kasb-hunarga bolalarimizni o‘rgata olmadik. Internet barini o‘z izmiga bo‘ysundirdi. Bugungi murakkab globallashuv davriga yetib kelgach, jamiyatda shaxsning yiriklashishi emas, balki maydalashishi jarayoni kuchaymoqda. Shu kabi masalalar bo‘yicha siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonovning fikrlariga qiziqdik.
- Globallashuv va millat taqdiri uchun tinimsiz kurash davrida o‘zbek o‘quvchisi, talabasi, qo‘yingki, odamlar nimaga suyanishi kerak, deb o‘ylaysiz?
- Ilmga! Ilmli odam aslo xor bo‘lmaydi, deydi allomalar. Bilimsizlik barcha yomonliklarning manbai, chunki bilimsiz inson o‘ziga eng katta yomonlikni qilgan bo‘ladi. Johil kishining tik tura olmaydigan qopdan farqi yo‘q. Sa’diy Sheroziy bilimsizlikni urush dovuliga o‘xshatadi, ovozi baland, ichi bo‘sh odamga!
- Shaxs tarbiyasida oila institutining o‘rni haqida to‘xtalib o‘tsangiz...
- Globallashuvda eng ko‘p og‘irlik oilaning zimmasiga tushadi. Sababi, internet, televideniye bilan mashg‘ul bo‘lish, axborot olish ishdan keyin uyda jadal davom etadi. Serial va internet qarshisida ota-ona ancha ojiz bo‘lib qolmoqda. «Har bir oila o‘z farzandlarini har qanday mafkuraviy tajovuzkorlikdan himoya qilishga tayyor bo‘lib turishi kerak», degan edi buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov. Ota-ona farzandlari bilan jonli muloqot, do‘stona suhbat qurish o‘rniga, kechalari televizordagi turk seriallaridan boshini ko‘tarmasa, nima deysiz?! Axir, turk, xitoy, koreys mafkurasi allaqachon yurtimizga kirib keldi-ku. Yuz yillik mustamlakachilik siyosati kezgan davr haqidaku gapirmasa ham bo‘ladi, musulmonchilik an’analari qariyb yo‘qolib, ateist, dinsiz, iymonsiz katta avlod yetishganiga hammamiz guvohmiz.
Oila – jamiyat asosi, millat qo‘rg‘oni. Oilada ota-ona ko‘magida did, farosat, aql, mushohada, fikrlash tarzi shakllanadi. Ammo bugungi kunda globallashuv, ommaviy madaniyat, boringki, g‘arbona shakl-shamoyilda yashashga moslashish, g‘arbona fikrlash urfga aylanib bormoqda. Milliy urf-odat, an’ana, qadriyatlar (bayram, to‘y, ta’ziya, mehmondorchilik, oqibat ko‘rsatish, keksalarning holidan xabar olish va boshqalar)ni bilmagan, oltin qoidalarni pisand qilmagan Ovrupocha yigit va qiz hayotda oson yo‘lni tanlab, muddaolariga tezda erishish, “Green Card"ni yutib, orzusidagi Amriqoda yashashni niyat qilishadi.
Jadid bobomiz Abdulla Avloniy «Kim nimani yaxshi ko‘rar?» nomli badiasida bundan yuz yil muqaddam jamiyatdagi holatni shunday baholaydi: «Ehtimol, bizning xalq ilmu ma’rifatni, tarbiya va ta’limni, hunar va sanoatni yaxshi ko‘rar, deb o‘ylaydurg‘ondursiz? Yo‘q, bu fikringiz yanglish», deydi. Do‘kondorlarimiz ishlarini tartibga solmay, zamonaga muvofiq ish yuritmay, Mallaxon zamonidan qolg‘on eski do‘kon, eski tos, eski tartiblarini yaxshi ko‘rurlar. Onalarimiz bilim va tarbiya o‘rniga erlari ila urushub-talashub qizlarig‘a mol qilmakni yaxshi ko‘rurlar. Otalarimiz bolalarini o‘qutmak va ta’lim bermak o‘rniga “o‘g‘lim, emdi kattakon yigit bo‘lding, shuncha o‘quganing yetar, pul top!” , deb «tashishka» – hammollik qildirishni yaxshi ko‘rurlar. Yoshlarimiz ilm va ma’rifatli bo‘lishni, hunar, san’at o‘rgonishni o‘rniga o‘zlariga zeb berub tor shim ila kalta kamzul, qotirma yoqalarga bino qo‘yishni yaxshi ko‘rurlar. Qizig‘i shuki, o‘sha zamonlardayoq, jamiyatga yot unsurlar kirib kelgan, maqsad sari intilish o‘rniga, ozgina chalasavodligimiz tufayli, maydalashish jarayoni boshlangan ekan-da.
Fursat g‘animatni bilgan ovrupoliklar bilim, ma’rifat, tenglik, fidoyilikni alqab, unga amal qilib, Farobiy, Beruniy, Ibn Sino, Farg‘oniy, Termiziy, Samarqandiy, Nasafiy singari allomalari bisyor bo‘lgan Sharq xalqlarini g‘aflatda qoldirib, taraqqiyotda ildamlab ketdilar.
Yana ilm va ma’rifatning jamiyat hayotida, shaxs tarbiyasidagi o‘rni haqida ozgina to‘xtalsam. Yaqinda bir tahliliy maqola qo‘limga tushib qoldi. Qisqa va aniq ifoda usuli, yozilgan ochiq gaplar kaminada ajib taassurot qoldirdi. «Biz o‘zimizga ko‘p ishonib yurgan ekanmiz-da», degan xulosaga keldim. Siz biror marta o‘zingizga savol berib ko‘rdingizmi, nima uchun biz musulmonlar taraqqiyotdan bunaqa orqada qolib ketdik? Muammo ta’limda ekan. Xalqaro Islom Hamkorlik tashkilotiga 57 ta davlat a’zo bo‘lib, shu hududlarda jami 500 ta universitet mavjud. Bu uch million musulmonga bitta universitet to‘g‘ri keladi degani. Birgina Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘zida 5578 ta universitet ishlaydi, ya’ni 57,0 ming amerikalikka bitta universitet to‘g‘ri keladi. Nima uchun biz bunaqa ojiz bo‘lib qoldik? Sababi shuki, biz bilim ishlab chiqara olmayapmiz, musulmon ilm dunyosini yarata olmayapmiz. Aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan davlatlarda har bir million musulmonga 230 nafar olim to‘g‘ri keladi. AQShda har million kishiga 4000, Yaponiyada 5000 olim to‘g‘ri keladi. Butun arab dunyosida faoliyat yuritadigan olimlar soni 35 000 nafar, har bir million arabga 50 texnik-injener to‘g‘ri keladi. Xristian dunyosida har bir million aholiga 1000 injener to‘g‘ri keladi. Musulmon dunyosi yalpi ichki mahsulotning 0.2 foizini, G‘arb esa 5 foizini ilm-fanga sarflamoqda. Xulosa shuki, biz bilim ishlab chiqara olmayapmiz. 1000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan matbuot soni va million aholiga nisbatan nechta yangi sarlavhali kitob chop etilishi aholi orasida bilim qanchalik yaxshi tarqalishini ko‘rsatib turadigan jihatdir. Pokistonda bir kunda har ming kishiga 23 ta gazeta, Singapurda 360 ta gazeta chop etiladi. Buyuk Britaniyada yangi chop etiladigan kitoblar soni solishtirilsa, har million kishiga yilida 2000 ta yangi kitob yozilib, chop etiladi. Misrda har bir million aholiga 20 ta yangi kitob yozib chop etiladi.
Zamonaviy dunyoda ma’lum bir mamlakatda ilm-fan qanchalik rivojlanganligini ushbu mamlakatdan eksport qilinadigan yuqori texnologiya vositalari sonidan bilib olsa bo‘ladi. Masalan, Pokiston davlatining bir yillik eksport tovarlari faqatgina 1 foizi yuqori texnologiyalarga to‘g‘ri keladi. Saudiya Arabistoni, Marokash, Kuvayt, Jazoirda vaziyat yanada achinarli. Ushbu mamlakatlar eksportining faqatgina 0,3 foizigina yuqori texnologiyalarga to‘g‘ri keladi. Singapurda ushbu ko‘rsatkich 58 foizga teng. Xulosa shuki, biz ilm-fanni amalda qo‘llay olmayapmiz.
Qiziq ma’lumot: Islom Hamkorlik tashkiloti 57 a’zosining bir yillik umumiy yalpi ichki mahsuloti 3 trillion dollarga bormaydi. Birgina AQShning YaIM 18 trillion dollar, Xitoyniki 16 trillion, Yaponiya 4,2 trillion, Germaniya bo‘lsa bir yilda 3.4 trillion dollarlik mahsulot ishlab chiqaradi. Biz 57 musulmon davlat bir bo‘lib birgina Germaniyaning YaIMini ishlab chiqara olmas ekanmiz. Neftga boy arab dunyosining uch boy mamlakati Saudiya Arabistoni (643 mlrd), Qatar (200 mlrd), BAA (359 mlrd)ning birgalikdagi umumiy yalpi ichki mahsuloti hajmi (neftni ham hisobga olganda) bir trillion 200 milliard dollarlar atrofida. Birgina Ispaniya bir yilda 1 trillion 256 milliard, Polsha 509 milliard dollar qiymatga ega YaIM ishlab chiqaradi. Demak, butun dunyo umumiy mahsulot hajmiga nisbatan musulmon dunyosi juda kam mahsulot ishlab chiqaradi, buning tagida ilm-fanning qoloqligi yotadi. Yuqorida keltirilgan hayratomuz axborot Islomoboddagi ilmiy tadqiqot markazi professori, doktor Farrux Salim fikrlari.
Bugungi kunda rad etib bo‘lmaydigan ushbu dalillar har bir o‘zbekni ham o‘yga toldiradi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2020 yilni «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili», deb bejiz nomlamadilar. Buyuk kelajakning mustahkam poydevorini ilm, ta’lim orqali qurish rejasi yotibdi. Joriy yilning 31 yanvar kuni olimlar va yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev bu sharafli yo‘lda xohlagan mablag‘, grantlarni berishga tayyor ekanligini bildirdi. Bu tashabbusni olimlarimiz ellik yildan beri kutayotgan edi. E-he, ne-ne ilm maktablari yopilib ketdi, endi ularni tiklash vaqti keldi. Ammo nazarimizda, eng katta boylik: inson ongi, g‘ururini tiklash, madaniy va siyosiy saviyasini ko‘tarish bilan bog‘liq kechadi. Demak, jamiyat hayotida ijtimoiy fanlarning o‘rni ham salmoqli bo‘ladi.
Ilmni maktabdan olmoq ham farz, ham qarzdir. Yurtboshimiz so‘nggi ikki yilda ta’lim va tarbiya borasida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarni amalga oshirishni boshladi. Buning sababi ma’lum: maktab – ma’rifat va ma’naviyat o‘chog‘i.
- Ta’limning jahon tajribasidan ham o‘rganish, zarurat tug‘ilsa, ilg‘or jihatlarini o‘zlashtirish zarur ko‘rinadi. Nima dedingiz?
- Jadid ma’rifatparvarlari 100 yil oldin yoshlarni o‘qitishni Germaniyadan boshlashgani sababi shuki, nemislar barchaga o‘rnak, andoza bo‘lishga arziydigan tartibotga o‘rgangan millat edi. Germaniya – uzoq asrlarga borib taqaluvchi ilmiy maktablari, Gyote, Gegel, Betxoven, Nitshe, Eynshteyn, Gumboldt singari olim va ijodkorlari bilan tilga tushgandi. Xalqaro doirada e’tirof etilgan nemis ta’lim dargohlarida mustaqil fikr hamda keng dunyoqarash shakllanishiga alohida e’tibor beriladi. Ta’lim tizimiga tatbiq etilayotgan yangi usullar, so‘nggi axborot texnologiyalaridan unumli foydalanmaganlarga juda kiyin bo‘ladi. Taraqqiyot manzili sari oshiqayotgan jamiyatda bilimsiz o‘z o‘rniga ega bo‘lish amri mahol. Darvoqe, nemislarga xos temir intizom, birso‘zlilik xislatlari ham aynan ta’lim dargohlarida shakllanadi. Germaniyada maktabgacha ta’lim muassasalari davlat tizimiga kirmaydi. Demak, fuqarolar boy, millatni tarbiyalash masalasini o‘zining zimmasiga olgan. Bolalar bog‘chasi xayriya jamg‘armalari, mahalliy hokimiyat xamda cherkov vasiyligida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, korxona va tashkilotlar xam o‘z bog‘chasiga ega bo‘lishi mumkin. Shu bois, nemislar bog‘chalarni «tafakkur ustaxonasi» deb atashadi.
Hozirgi kunda jamiyatda ko‘pchilikni ilm-ma’rifat va tadbirkorlikni qanday qilib uyg‘un holda olib borsa bo‘ladi, degan savol qiynaydi. Afsuski, bu borada izchil tizim shakllanmagan. Tadbirkorlarda ma’naviyat yetishmaydi, ma’rifatchilarda biznes uquvi yetishmay turibdi. Shu kunlarda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bolalarni pul topish madaniyatini o‘rgatishdan hayiqmaslik kerak. Puldan qochib, kambag‘allashib, o‘z g‘oya va fikrlarini amalga oshirishga qiynalmoqdamiz. Endi zamonga qarab pulning ham moddiylik, ham bozor iqtisodida qadriyat ekanligini maktab o‘quvchilariga to‘g‘ri tushuntiraylik, degan fikrlarni o‘rtaga tashladi. Vazirning bu chiqishida ham masalaga yangicha qarash va yondashuvni ko‘rish mumkin. Mashhur kishilar bu borada ajoyib hikmatlarni aytishgan. Amerikalik mashhur investor Uorren Baffet biznes maktabining talabalari bilan uchrashganda, shunday hayotiy maslahatlarni beradi: "O‘zingizga sarmoya qiling, o‘z iste’dodingizni rivojlantiring va kuchsiz tomonlaringiz ustida ishlang. Avvalo, o‘z ishtiyoqingizni aniqlang, o‘z prinsipingizga to‘g‘ri keladigan sohani tanlang. Unda pul uchun ishlamang. Faxrlanish hissini uyg‘otadigan insonlar bilan ishlang. Demak, bu ham shaxs intiladigan bir yo‘l, uslub.
- Aytingchi, bu jarayonni kim shakllantiradi? Shaxsning ichki quvvati (detonatori)ni kim ishga solib yuboradi?
- O‘qituvchi, tarbiyachi! O‘qituvchi o‘quvchining barcha qiziqishlarini, undagi salohiyatni ko‘ra bilishi va rivojlanishi uchun bor kuchini berishi kerak. Buni shunday bajarishi lozimki, toki bola o‘qishni istab, buni eplay olsin. O‘qituvchi o‘ta sezgir bo‘lishi va har bir bolaning o‘ziga xosligini tushunishi, unga o‘zgacha yondashuv izlashi lozim. Uning vazifasi – bilim bilan to‘ldirish, biroq o‘z o‘quvchilarini individuallikdan mahrum qilmaslik va shaxsiy fikrga ega bo‘lishini man qilmasligi darkor.
Dunyodagi noyob kasb egalari bo‘lgan ustozlarimiz bu borada ajoyib fikrlarni bildirib o‘tishgan. «Men hech qachon o‘z o‘quvchilarimni o‘qitmayman, bor-yo‘g‘i ular o‘qib-o‘rganishi uchun sharoitni ta’minlashga harakat qilaman» (Albert Eynshteyn, fizik, Nobel mukofoti sovrindori). «Biz bilim bolani quvib yurishini emas, bola bilim ortidan yugurayotganini ko‘rishni istaymiz» (Bernard Shou, dramaturg, faylasuf, Nobel mukofoti sovrindori).
Men o‘n yildirki, o‘qituvchilik qilaman. Bu mashaqqatli, sharafli kasblardan biri. Hamma yaxshi biladiki, darsni qiziqarli o‘tish – san’at! Pedagog buni bajara olishga majbur. Odamni qiziqtirmay turib biror narsaga o‘rgatish mushkul. O‘qituvchi zimmasida murakkab vazifa bor: bilimni miyaga cheksiz oqim sifatida quyish emas, o‘quvchida bilimga intilish hissini uyg‘otishdan iborat. Qadimgi yunon faylasufi Suqrot: «Men hech kimga hech narsa o‘rgata olmayman, bor-yo‘g‘i ularni o‘ylashga majbur qila olaman», deganida haq edi. Bolani yodlashga majbur qilish o‘rniga unga tushunishda yordam berish kerak. Fanga ongli ravishda yondashuv yodlashdan samaraliroq: bola o‘ylaydi, muammoni tushunadi, anglaydi va bilimni amaliyotda qo‘llay oladi.
«O‘rtacha o‘qituvchi hikoya qiladi. Yaxshi o‘qituvchi tushuntiradi. A’lo darajadagi o‘qituvchi ilhom beradi» (Uilyam Artur Uord, amerikalik yozuvchi). Naqadar to‘g‘ri aytilgan fikr. «O‘qituvchi bo‘lish, bu – taqdir»,- deb behuda aytishmaydi. Agar o‘z ishing bilan «yonmasang», boshqalarga ilhom, ruh, qanot berib bo‘lmaydi-da. «Buyuk o‘qituvchi bilan o‘tkazilgan bir kun ming kun davomidagi mashaqqatli darslardan yaxshiroq», deyiladi bir yapon hikmatida.
- Millatning suyangan kishilari davlat rahbari va siyosiy yetakchilari hisoblanadi. Siz siyosiy yetakchi va jamiyatni modernizatsiyalash borasida bir qator kitoblarni yozgansiz. Shu o‘rinda, shaxs, millat tarbiyasida yetakchining tutgan o‘rniga to‘xtalsangiz...
- Bu o‘ta muhim, dolzarb, abadiy mavzu. Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur yurtni o‘z ortidan ergashtiruvchi, yetaklovchi mard kishilar edi. Aslida yoshligida hamma qatori ular ham oddiy hayot kechiradi. Ammo kutilmagan murakkab vaziyat tufayli ular maydonga chiqadi va jarayonni boshqaradi. G‘arbda Ronald Reygan, Sharl de Goll, Gelmut Koll, Vaslav Gavel, Margaret Tetcher, Sharqda Kamol Otaturk, Moxandas Gandi singari siyosiy yetakchilar tarixiy rivojlanishni belgilovchi strategik dastur va g‘oyalarni o‘rtaga tashlab, siyosiy jarayonlarni jonlantirib yuborgan edilar. Ularning har biri buyuk islohotlari haqida uzoq gapirish mumkin.
Birgina jonli misol keltiraman: Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher nutqlaridan birida shunday so‘zlar yangragan: “Men boshqaruvga bitta aniq o‘ylab chiqilgan maqsad bilan kirishdim: ingliz jamiyatini to‘liq davlat qaramog‘idagi boqimandalik holatidan o‘z kelajagiga to‘liq ishongan tadbirkor holatigacha; «o‘tiramiz» – va – «kutamiz» Angliyasi o‘rniga «uyg‘on» – va «yur» Angliyasi o‘rnatilishi uchun an’anaviy «marhamat qilib menga bering»dan «hammasini o‘zimiz qilamiz» millatigacha o‘zgartirish!”. Qo‘yilgan ulkan vazifalarni tasavvur qilyapsizmi?! Bugungi tarixiy burilish pallasida davlatimiz rahbari ham millat yuksalishi uchun naqadar to‘g‘ri, sharafli yo‘lni tanlab, o‘z oldiga qo‘ygan vazifani uddalashiga ishonamiz.
Asliddin SUYuNOV suhbatlashdi, O‘zA.